Har daqiqa asrlardek g‘animat

Aziz talabalar! 

Kundan kunga avj olayotgan koronavirus pandemiyasi sayyoramiz insonlar yashaydigan barcha mintaqalarini o‘z iskanjasiga olib, butun dunyo mamlakatlari iqtisodiyoti, madaniy, savdo, sayyohlik aloqalari va ishlab chiqarishiga zarar yetkazmoqda. Hatto, yuksak taraqqiy etgan Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Ispaniya kabi qudratli mamlakatlarda ham odamlar bu virusni  yuqtirib, halok bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 3 aprel kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida yana bir bor xalqimizga murojaat qilib, karantin davrida mamlakat bo‘ylab joriy etilgan tartib-qoidalarga, shaxsiy gigiyena va tibbiy talablarga sabr-chidam, temir intizom bilan amal qilishga chaqirdi. 

Jumladan, talabalar va o‘quvchi-yoshlarga alohida e’tibor qaratib “Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor o‘tkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring. Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang”, deb ta’kidladi.

Dunyo tarixidan ma’lumki, insoniyat jamiyati urushlar, tabiiy ofatlar, vabo, o‘lat kabi o‘ta yuqumli kasalliklarning ommaviy tarqalish hollarini ko‘p marta boshidan kechirgan. Koronavirus pandemiyasining dunyo bo‘ylab juda keng yoyilishi ham insoniyatning sabr-bardoshi va irodasini sinovdan o‘tkazayotgan navbatdagi ofatdir. Bu ko‘rinmas global ofatni zamonaviy dori-darmonlarni qo‘llash bilan bir qatorda mustahkam tartib-intizom, shaxsiy gigiyena va belgilangan tibbiy talablarga qat’iy rioya etgan holda birlashib, birgalikda, hamjihatlik bilan yengish mumkin.

Bunday tahlikali paytda siz, talaba-yoshlarning uzoqni ko‘ra biladigan oqil ziyolilarimiz safida turib, xalqimizni ortiqcha ehtiros va vahimalarga berilmasdan, bosiqlik, vazminlik bilan ish tutishga, tartib-intizomga, belgilangan gigiyena va tibbiy talablarga qat’iy rioya etishga chaqirishda o‘rningiz muhim. Chunki ziyolilarga xos bo‘lgan elparvarlik, vatanparvarlik, ijtimoiy burch kabi oliy fazilatlar mana shunday og‘ir sinovli paytlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli e’lon qilingan karantin sharoitida maktabgacha ta’lim, o‘rta va oliy ta’lim tizimida ta’lim-tarbiya ishlari onlayn tarzda davom ettirilmoqda. Mana shunday og‘ir sharoitda ham universitetning fidoyi professor-o‘qituvchilari ulug‘ ajdodlarimiz an’analariga sodiq qolib, davr ruhi va talabini chuqur his etib, karantin talablariga qat’iy rioya etgan holda, onlayn darslar sifatini yanada oshirishga, mavzularni shogirdlariga tushunarli va sodda tilda samarali yetkazib berishga intilmoqdalar.

Koronavirus pandemiyasi tufayli e’lon qilingan karantin davom etmokda. Shunday ekan, bugun bor imkoniyatdan unumli foydalanib, onlayn mashg‘ulotlarda faollik ko‘rsatib, o‘quv materiallarini, dastur va rejalardagi mavzularni tushunib chuqur o‘zlashtirish, berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida to‘liq bajarib, savollarga to‘g‘ri, mantiqli javoblar yo‘llashga harakat qiling.

Unutmang! Yozgi sessiya natijalari siz, talabalar uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega bo‘lsa, ustozlar uchun ham shunday murakkab davrdagi mehnati mahsuli bo‘ladi.

Rustam Xolmurodov,

Samarqand davlat universiteti rektori,

Oliy Majlis Senati a’zosi.