Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Razbor s sotrudnikom” nomli videolavha yuzasidan Samarqand viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumot berdi

“Instagram” va “Telegram” ijtimoiy tarmoqlarida haydovchining YPX xodimlariga bo‘ysunmasdan, faol qarshilik ko‘rsatib, qochishga urinayotganligi va haqorat qilayotgani holati aks etgan videolavha tarqalgan edi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB YXHB tomonidan taqdim etilgan ma’lumotda qayd etilishicha, 2019 yil 17 avgust kuni soat 01.00 lar atrofida YPX xodimi A.F. Samarqand shahar Beruniy ko‘chasida xizmat olib borayotganida, shu ko‘cha bo‘ylab harakatlanib kelayotgan “Lasetti-2” rusumli avtomashinani to‘xtatib tekshirganida, Samarqand shahrida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro X.I. transport vositasini tegishli hujjatlarsiz boshqarib kelayotganligi aniqlangan.

YPX xodimi haydovchiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani jarima maydonchasiga joylashtirishini tushuntirayotganida, avtomashina salonida bo‘lgan yo‘lovchi, Samarqand shahrida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro M.A. YPX inspektorini haqoratlab, avtomashinani jarima maydonchasiga olib borishiga qarshilik ko‘rsatgan.

Shu vaqtda, fuqaro M.A. qo‘shimcha kuch sifatida yetib kelgan YPX xodimlarini haqoratlab, voqea joyidan qochishga harakat qilishi davomida yo‘lning chetiga o‘rnatilgan gul qo‘yish uchun mo‘ljallangan moslamaga urilib, yiqilib tushgan va YPX inspektorlari tomonidan ushlangan.

Avtomashinada bo‘lgan yana ikki nafar fuqaro – Samarqand shahrida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan F.Sh. va 1981 yilda tug‘ilgan X.T. fuqarolar ko‘z o‘ngida YPX inspektorini qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlab, faoliyatiga qarshilik ko‘rsatgan.

Haydovchi I.X. avtomashinani tegishli hujjatlarsiz boshqarib kelayotganligi sababli, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Tekshiruv jarayonida, fuqarolar M.A. va X.T. muqaddam ikki marotaba yul harakati xavfsizligi qoidalarini buzganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilganligi aniqlangan.

2019 yil 17 avgust kuni fuqarolar M.A., F.Sh. va X.T. YPX xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, faoliyatiga qarshilik qilganligi holati yuzasidan Samarqand shahar ma’muriy sudi tomonidan qoidabuzarlarning har biriga tegishli tartibda jazo tayinlandi.