Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzganlikka oid jinoiy javobgarlik bekor qilinishi mumkin

Qonunchilik palatasining 30 sentyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Ular quyidagilar:

- «Madaniy ifodalarning turli xil shakllarini muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyani (Parij, 2005 yil 20 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi. 145 mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilingan mazkur Konvensiyaning asosiy maqsadi madaniy o‘zlikni namoyon qilishning turli xil shakllarini saqlash va rag‘batlantirish, ushbu sohada xalqaro hamkorlik, hamfikrlikni mustahkamlash asosida turfa madaniyatlarning erkin muloqoti uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iboratdir;

- O‘zbekistonda bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirishga qaratilgan tegishli o‘zgartishlar. Bunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari respublikamiz fuqarolari, chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga differensiatsiya qilinadi (MJTKning 225-moddasi), jinoiy javobgarlik esa (JKning 224-moddasi) bekor qilinadi;

- «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar. Loyihada Hukumatning ochiq, shaffof faoliyat yuritishi, uning vakolatlari aniq soha va yo‘nalishlar bo‘yicha belgilab berilmoqda. Bosh vazir tomonidan hududlarda hukumatning mavzuli sayyor majlislari o‘tkazilishi nazarda tutilyapti. Hukumat rahbari, uning o‘rinbosarlari va maslahatchilari, vazirlar, davlat qo‘mitalari raislarining vakolatlari hamda javobgarligi belgilab berilmoqda. Vazirlar Mahkamasining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash monitoringini olib borish hamda tahlilini yuritish qonun darajasida mustahkamlab qo‘yiladi;

- veterinariya va chorvachilik sohasidagi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar loyihasi. Hujjat Prezidentning 2019 yil 28 martdagi PF-5696-son farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan. U mazkur sohaning boshqaruv tizimi takomillashgani munosabati bilan uning asosiy vazifalari va funksiyalari doirasini kengaytiradi;

- «Oliy darajali «Do‘stlik» ordenini ta’sis etish to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi. Orden bilan qardosh xalqlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, xalqlar yakdilligiga erishishdagi alohida xizmatlari, har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirishdagi sermahsul faoliyati, mintaqalararo kelishuvga erishish, shuningdek, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashdagi faol ishtiroki uchun mukofotlanadi;

- «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunga kiritiladigan tuzatishlar. Loyihaning maqsadi elektr, issiqlik energiyasi, yoqilg‘i va boshqa noan’anaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy sohada yanada oqilona foydalanish, shuningdek, energiya resurslari iste’molining samaradorligini va zamonaviy tejamkor texnologiyalarini joriy etish xizmatlarini ko‘rsatishning huquqiy asoslarini takomillashtirishdan iboratdir. O‘zgartirishlar energiya resurslari xarajatlarini optimallashtirish, energiya resurslari iste’molining samaradorligini tizimli monitoring qilishga imkon yaratadi;

- Prezidentning 2019 yil 5 fevraldagi PF-5656-son farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar. Xususan, alkogol va tamaki mahsulotlarining ta’lim, sport va diniy muassasalardan to‘g‘ri chiziq bo‘yicha 200 metrdan ortiq radiusda joylashgan savdo ob’yektlarida realizatsiya qilish taqiqlanadi. Umumiy savdo maydoni 1000 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo majmualari (bozorlar), yarmarka pavilonlarida realizatsiya qilish taqiqlanishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, mamlakatga alkogol mahsulotlarini (pivo va vino mahsulotlari bundan mustasno) polietilen, polistirol va boshqa polimer materiallardan tayyorlangan polimer iste’mol idishlarida olib kirish taqiqlanadi. Qoidabuzarliklar uchun javobgarlik qayd etiladi;

- tadbirkorlik sub’yektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar loyihasi.