Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Stokgolmda o‘zbek diasporasi ishtirokida maxsus PR-aksiya o‘tkazildi

Shvetsiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz Stokgolm shahri markazidagi mashhur Drottninggatan maydoniga to‘planishdi. Maydonda O‘zbekiston filarmoniyasining “Sug‘diyona” milliy cholg‘ular kamer orkestri tomonidan ijro etilgan milliy kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, yig‘ilganlar raqsga chorlandi.

Ma’lumot uchun, Drottninggatan maydoni Stokgolm shahrining asosiy maydoni hisoblanib, Yevropada “Qirolicha ko‘chasi” nomi bilan tanilgan. Unda asosan yirik savdo markazlari joylashgan bo‘lib, har kuni o‘rtacha 16 ming sayyoh va mahalliy aholi tashrif buyuradi. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Germaniyadagi O‘zbekiston elchixonasi hamda vatandoshlar ko‘magida tashkil etilgan ushbu PR-aksiya sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Mazkur tadbir doirasida faol vatandoshlarimiz tomonidan “O‘zbekistonni bilasizmi?” nomli so‘rov o‘tkazildi. Unda yig‘ilganlarga yurtimiz haqidagi savollar berildi. Savollarga to‘g‘ri javob berganlarga “Uzbekistan” yozuvi tushirilgan esdalik sovg‘alari topshirildi.

“Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan bu kabi tadbirlarni kelgusida boshqa shaharlarda ham tashkil etish maqsad qilindi. Zero bu kabi tadbirlar yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi”, deydi Stokgolmdagi vatandoshimiz Abdurahmon Atakulov.

Ta’kidlash joizki, bundan avval Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Germaniya, Chexiya, Rossiya va BAAda maxsus piar-aksiyalar o‘tkazildi.