Vahimasiga hojat yo‘q: tovarlar eksporti va importi to‘xtamaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martda “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmonga binoan ikki hafta muddatda soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish orqali ishga solinmagan zaxiralarni izlab topish, hisoblangan soliqlar to‘liq to‘lanishini ta’minlash, “yashirin” iqtisodiyotni qisqartirish hamda soliq va bojxona ma’murchiligining yangi, samarali shakllarini joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Transport vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan birgalikda:

- yuklarni chegara bojxona postlari orqali tezkorlik bilan o‘tkazish, ularning uzluksiz bojxona rasmiylashtiruvini, shuningdek, eksport va import qilinayotgan tovarlarga ruxsat beruvchi hujjatlarning berilishini ta’minlash bo‘yicha tezkor shtab tashkil etiladi;

- 2020 yil 1 apreldan boshlab import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining tezkor tartibda, shu jumladan, ruxsat beruvchi hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgunga qadar berish orqali bojxona rasmiylashtiruvi mexanizmi joriy etiladi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.