Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyat IIB ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari bilan bog‘liq janjalli tasvirlarga izoh berdi

2019 yil 6 iyun kuni Telegram ijtimoiy tarmog‘ining turli internet saytlariga davomiyligi 51 sekunddan iborat bo‘lgan YHXB xodimlariga nisbatan fuqarolar tomonidan xizmat vazifasini bajarishga qarshilik qilish tasviri ifodalangan videotasvir tarqalgan.

Aniqlanishicha, 2019 yil 5 iyun kuni soat 22:50 larda Samarqand shahar, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan 14-umumta’lim maktabi oldida o‘tkazilayotgan “Avtopatrul” reyd tadbiri davomida Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan avtomashinalar to‘xtatilib tekshirilishi jarayonida Samarqand viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘linmalari yo‘l patrul xizmati bataloni yo‘l-patrul xizmati ikkinchi otryadi ikkinchi safarbar guruhi yo‘l-patrul xizmati katta inspektori serjant S.N. Samarqand shahar Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidan harakatlanib kelayotgan avtomashinalarga “Diqqat” ishorasini berib, to‘xtatish chorasini qo‘llagan vaqtida “Kobalt” rusumli 30 N 492 SA davlat raqam belgili avtomashina haydovchisi YPX xodimini ko‘rib, o‘z boshqaruvidagi avtomashinasini 100 metr oldinroqda to‘xtatib, avtomashinasidan tushib orqaga qarab qochayotgan vaqtida YPX xodimi tomonidan haydovchini spirtli ichimlik iste’mol qilgani holda transport vositasini boshqarib kelganlikda gumon qilib, haydovchini ushlash bo‘yicha Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan “Yevraaziya” oshxonasi oldida xizmat olib borayotgan ikkinchi otryad ikkinchi safarbar guruhi yo‘l-patrul xizmati inspektori, safdor K.J.ga aloqa vositasi orqali xabar beradi va xabarga asosan haydovchi ushlanib, boshqaruvida bo‘lgan avtomashina oldiga olib kelinayotgan vaqtida haydovchining ikki nafar tanishlari va ko‘chada bo‘lgan bir necha nafar fuqarolar haydovchini qochirib yuborish maqsadida YPX xodimiga yopishib, haydovchini qochib ketishga sharoit yaratgan.

Hodisa joyiga yordamga yetib kelgan serjant S.N va ikkinchi otryad ikkinchi safarbar guruhi yo‘l-patrul xizmati katta inspektori, serjant B.Q. haydovchini ushlab, o‘zining boshqaruvida bo‘lgan yo‘l patrul avtomashinasiga joylashtirishgan.

Haydovchi bilan olib borilgan suhbat davomida, u o‘zini Urgut tumani O‘ramas qishlog‘ida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan A.T. ekanligini, 2019 yil 5 iyun kuni tushlik vaqtida oz miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilganligi, transport vositasini boshqarish huquqini beradigan xujjatlari yo‘qligi va qo‘llaniladigan jarima miqdoridan qutulish maqsadida YPX inspektorlaridan qochishga harakat qilganligini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng, A.T. tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, tibbiy bayonnomaga ko‘ra, hushyor xolatda bo‘lganligi aniqlangan. Biroq unga nisbatan transport vositasini tegishli hujjatlarsiz va YPX inspektorining qonuniy talabiga buysunmaganligi holati bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydoniga joylashtirilgan.

YPX inspektorlari va haydovchi tan jarohati olmaganligi, lekin YPX inspektoriga haydovchi hamda uning tanishlari qarshilik qilganligi holati bo‘yicha ularga nisbatan viloyat IIB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilayotganligi ma’lum bo‘ldi.

YPX xodimlar yo‘llarda yo‘l qoidalariga rioya etilishini, turli xil yo‘l transport hodisalarini oldini olish maqsadida kunu-tun, issiq va sovuq demay, tinim bilmay, piyoda va haydovchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida doimiy ravishda avtopatrul reyd tadbirlarini o‘tkazib boradi.

Yuqoridagi holatdan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, agar har bir fuqaro YPX xodimiga qarshilik ko‘rsatib, qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarni qochib ketishiga sharoit yaratsa, kelgusida bunday haydovchilar transport vositasini boshqarish oqibatida begunoh bir fuqaroning hayotiga zomin bo‘lmasligiga kim kafolat beradi?

Xulosa chiqarish o‘zingizga havola.

Samarqand viloyat IIB axborot xizmati.