Bosh Qomusimizga qanday o‘zgartishlar kiritilgan?
Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.
Manbalarga ko‘ra, O‘zbekiston tarixidagi ilk Konstitutsiya 1918 yilda -Turkiston ASSRning Konstitutsiyasi qabul qilingan.
O‘rta avlod vakillari umumxalq muhokamalaridan so‘ng nufuzli komissiya tomonidan tuzilgan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabr kuni qabul qilingan.
Ushbu sana dam olish kuni, deb e’lon qilingan va Konstitutsiya qabul qilingan kun – umumxalq bayrami sifatida nishonlanadi. Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Bosh Qomusimizda O‘zbekiston va Respublika so‘zlaridan keyin qonun so‘zi eng ko‘p qo‘llanilgan ekan. Qonun Konstitutsiyamizda 200 martadan ko‘proq o‘rinlarda qo‘llanilgan.
Asosiy qonunimizga dastlabki o‘zgartish 1993 yil 28 dekabrda kiritilgan bo‘lib, bugungi kungacha 10 dan ortiq o‘zgartishlar kiritilgan. Qayd etish lozimki, aksariyat hollarda Prezident, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy hokimiyat organlari vakolatlariga hamda saylov jarayonlariga oid qoidalarga o‘zgartirish kiritilgan. Ya’ni, demokratik boshqaruv prinsiplarini amaliyotga joriy qilish maqsadida Bosh Qomusimizga bosqisma-bosqich o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Xususan, joriy yilning 5 mart kuni imzolangan «Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning mas’uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan Konstitutsiyaga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi, shuningdek, ichki va tashqi siyosat masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish hamda Bosh vazir taqdimiga ko‘ra, Hukumat a’zoligiga nomzodlarni, keyinchalik ularni Prezident tomonidan lavozimga tasdiqlash uchun ko‘rib chiqish va ma’qullash masalalari Parlament quyi palatasining mutlaq vakolatlariga (79-modda) qo‘shildi.
Ilgari Hukumat a’zolarini Qonunchilik palatasining ma’qullashi talab etilmas edi. O‘zgartishga asosan Prezidentga Hukumat a’zolarini Parlament quyi palatasi ma’qullagandan so‘ng tasdiqlash vakolati kiritildi.
Nomzod rad etilsa, Bosh vazir yangi nomzodni kiritadi.
Konstitutsiya asosida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunda Hukumat a’zolarini ma’qullash tartibi belgilandi. Unga muvofiq nomzodlar mas’ul qo‘mita, fraksiyalar va deputatlar tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqiladi.
Ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar 2019 yil 1 apreldan kuchga kirdi.
Otabek QODIROV,
jinoyat ishlari buyicha Samarqand viloyati sudining sudya katta yordamchisi.