Ham she’r, ham kuy, ham qo‘shiq

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida Abdurahmon Amonov muallifligida “Kel Samarqand shahriga” deb nomlangan ikki tomlik kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Kitob “Turon nashr” nashriyotida chop etildi.

- Kitob ko‘p yillik sa’y-harakatlar mahsulidir, - dedi viloyat “Zarafshon” va “Samarkandkiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev. – Kitobda XX asrda yashagan ijodkorlar orasida o‘z yo‘nalishiga ega, she’rlarida o‘ziga xos ohangi bor zullisonayn ijodkorlar Orif Gulxaniy hamda Olimjon Orifiylarning eng sara g‘azallari va ularga bastalangan kuylarning notalari jamlangan. Taniqli san’atkorlar tomonidan kuylangan qo‘shiqlar ikki xil ko‘rinishda – bir ovozli va fortepiano jo‘rligida notaga olingan.

- Ushbu kitoblarda jamlangan qo‘shiqlar g‘azal va navo muxlislariga ma’qul tushadi. Ularni shinavandalar qoniqish bilan kutib olib, kuylab, ko‘ngillarga zavq bag‘ishlaydi, deb ishonamiz, - dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov. – San’atkorlar ijrosidagi qo‘shiqlarni kitobning muqovasida ko‘rsatilgan QR-kod orqali eshitishingiz mumkin.

Kitob taqdimotida samarqandlik san’atkorlar tomonidan ijro etilgan mumtoz kuy-qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.

Tadbirda shoir va yozuvchilar hamda san’at maktabi o‘quvchilari qatnashdi.