Jahon bozorida organik mahsulotga talab ortdi, bizda bunga mos taklif bormi?

Keyingi yillarda inson salomatligi va ekologik muvozanatning o‘zgarishi  tufayli organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talab ortmoqda. Viloyatimizda organik mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha tabiiy, iqlimiy hamda mehnat resurslari yetarli bo‘lsa-da, bu sohada hali foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud.

Xo‘sh, organik mahsulotning o‘zi nima va uning afzalliklari nimada?

Organik mahsulotlar kimyoviy o‘g‘itlar, pestitsidlar, sun’iy qo‘shimchalarsiz yetishtirilgan, ekologik toza va inson salomatligiga zarar yetkazmaydigan mahsulotlar hisoblanadi. Ularning asosiy afzalliklari salomatlik uchun xavfsiz, ekotizimga zarar yetkazmaydi, yuqori biologik qiymatga ega va bozor narxi hamda eksport salohiyati yuqori bo‘ladi. Ya’ni, odatiy mahsulotlardan ko‘ra qimmat narx belgilanadi.

Bugungi kunning dolzarb mavzularidan biri hisoblangan organik mahsulot yetishtirish mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumnida viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Asliddin Mamatmusayev bu haqda ma’lumot berdi.

-  Joriy yilda viloyatimizdagi 71 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 1210 gektar maydonda 12 ming tonnaga yaqin organik mahsulotlar yetishtirilib, yig‘im-terim ishlari davom etmoqda, - deydi A.Mamatmusayev. – Chunki organik mahsulotlarga bo‘lgan ichki talab oshib boryapti. Bunga asosiy sabablar aholi orasida sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishning ortishi, yirik shaharlarda ekologik mahsulotlar do‘konlarining ko‘payishi, turizm rivoji bilan sifatli va tabiiy oziq-ovqatga ehtiyojning ortishi bilan bog‘liq. Ammo organik mahsulotlar narxi yuqori bo‘lganligi sababli, ularni asosan o‘rta va yuqori daromadli qatlam sotib olmoqda. Biroq viloyatda organik dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklari soni hozircha cheklangan. Hozirda meva va sabzavotlar (gilos, olma, pomidor, bodring), asalarichilik mahsulotlari (asal, mum), g‘alla va dukkakli ekinlar organik usulda yetishtirilmoqda. Taklifni kengaytirish uchun infratuzilma, sertifikatlashtirish va agrotexnik bilimlarga ega mutaxassislar  yetishmayapti.

Viloyatimiz tabiiy sharoit va agroiqlimiy jihatdan organik qishloq xo‘jaligiga juda mos hudud hisoblanadi. Iliq iqlim va ko‘p quyoshli kunlar organik sabzavot va mevalar yetishtirish uchun qulay. Mahalliy aholining tabiiy usullar bilan dehqonchilik qilish tajribasi bor. Bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun organik mahsulotni aniqlovchi sertifikatlar tizimi rivojlanmaganligi uchun sertifikatlashtirish markazlarini tashkil etish, fermerlar uchun o‘quv kurslari, treninglar tashkil etish, maxsus yarmarkalar, ko‘rgazmalar, onlayn savdo platformalari yaratish, moliyaviy resurslarni ko‘paytirish, davlat granti, subsidiyalar, xalqaro tashkilotlar yordami zarur bo‘ladi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.