Jomboylik 21 fuqaro sud raislaridan masalalarini hal etish choralarini so‘radi
Samarqand viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi B.Diyorov Jomboy tumani Xalq qabulxonasida fuqarolar bilan davra suhbati va sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabulda Beshbola mahallasida yashovchi M.Achilova viloyat sudi raisiga murojaat qilib, turmush o‘rtog‘i M.Muhammadiyevdan ikki nafar farzandi ta’minoti uchun aliment undirishda yordam so‘radi. Murojaatga javoban viloyat O.Hayitov 3 kun muddat ichida aliment undirish haqida sud buyrug‘i chiqarilib, Majburiy ijro byurosiga ijro qilish uchun yuborilishini ma’lum qildi.
Qabul davomida Z.Ashurboyeva, G.Qayumova, G.Boymanovaning aliment undirish haqidagi murojaatlari qabul qilinib, masalalarni hal etish choralari belgilandi.
Galakapa mahallasida yashovchi A.Ne’matov sodir etgan jinoyati uchun axloq tuzatish ishlar jazosini o‘tayotgan edi. U viloyat sudi raisiga murojaat qilib, qilmishidan pushaymon bo‘lganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligi, sodir qilgan jinoiy qilmishi va uning huquqiy oqibatlaridan o‘ziga tegishli xulosa chiqarganligini bildirib, jazoning qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.
Dehqonobod mahallasidan kelgan Sh.Bolbekov, olmazorlik A.Tursunqulov, g‘aziralik M.Yo‘ldoshevlarning murojaatlari ham shu mazmunda bo‘ldi.
Sayyor qabul davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tumani sudining sayyor sud majlisi tashkil etildi va mazkur murojaatlar qanoatlantirilib, ular jazodan shartli ozod qilindi.
Qabulda qayd etilgan 21 ta murojaatning 13 tasi ijobiy hal qilindi, 8 ta murojaat egalariga huquqiy tushuntirish berildi.
Viloyat sudi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.