“Men to‘lagan davlat boji qayerga ketdi?”

Majburiy ijro byurosidan norozi onaxon tahririyatimizga nega murojaat qildi?

Toyloq tumani Bog‘i chinor mahallasida yashovchi Salomat Mamatqulova shu yil yanvar oyida amalga oshirgan to‘lovini yana to‘lashiga to‘g‘ri kelayotganini aytmoqda.

Gap shundaki, onaxonning o‘g‘li muddatli to‘lov asosida televizor xarid qilgan. Ammo belgilangan muddatlarda to‘lovni amalga oshira olmaganligi sababli ish sudgacha borib yetgan. Tabiiyki, sud S.Mamatqulova (kafil) va uning o‘g‘lidan qarz summasi hamda davlat boji undirishni belgilagan.

“Qo‘limda yanvar oyida davlat boji uchun to‘langan 364 700 so‘mlik kvitansiyalar (1 tasi o‘zim, 2-si o‘g‘limning nomidan) bo‘lishiga qaramasdan MIBdagilar “Bu to‘lovlar kompyuterga kirmagan”, deyapti. Vaholanki, to‘lov qilgan vaqtimda byuroning Shuhrat ismli xodimi “Bo‘ldi, qarzdorligingiz to‘liq qoplandi”, degandi”.

Onaxonning aytishicha, MIB Toyloq tumani bo‘limida Shuhrat ismli xodim ayni paytda ishlamayotgan ekan. Salomatligidagi muammolari, iqtisodiy nochorligini bildirgan vaqtda MIB xodimlari “Holatingizning bizga qizig‘i yo‘q, to‘lovni qilib qo‘ying”, deyishayotganidan ko‘ngli o‘ksimoqda.

S.Mamatqulova davlat boji uchun to‘lagan to‘lovlari qayerga g‘oyib bo‘lganini bilolmay xunob. MIB xodimlari esa bu haqda tushuntirish berishni ham istamayotgani ajablanarli.