NNTlarga grant loyihasida ishtirok etish tartibi tushuntirildi

Samarqand shahridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va do‘stlik uyida “Nodavlat notijorat tashkilotlarining grant tanlovlarida ishtirokini kengaytirish” mavzusida NNTlar rahbarlari uchun seminar bo‘lib o‘tdi

Tadbir xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi hamkorligida tashkil etildi.

Unda jamoat fondi bosh mutaxassisi F.Rahmatov, Milliy assotsiatsiya viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Sh.Kenjayev tomonidan grant loyihasiga arizalar topshirish tartibi, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni tayyorlashning usul va uslublari aytib o‘tildi. Shuningdek, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi ijrosini ta’minlashda ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish” mavzusida Davlat grantlari ajratish uchun 1-tur tanlovda ishtirok etish talablari va shartlari slaydlar orqali tushuntirildi. 

Seminar davomida Parlament komissiyasi va Jamoat fondi tomonidan Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida qo‘shimcha davlat granti tanloviga takliflar olindi. 

Bundan tashqari, “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”ga joylashtirish uchun tavsiyanoma berish tartibi ham aytildi hamda bu to‘g‘risida takliflar olindi. 

Quyida tavsiyanoma tartibi ilova qilinmoqda:

Nodavlat notijorat tashkilotlarini “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ga joylashtirish uchun tavsiyanoma berish TARTIBI

Mazkur Tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 martdagi
PQ-5012-sonli “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi PF-6181-sonli“2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlarini “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ga joylashtirish uchun tavsiyanoma (keyingi o‘rinlarda Tavsiyanoma deb yuritiladi) berish tartibini belgilaydi.

I bob. Umumiy qoidalar

1.1. Tavsiyanomalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida faol ishtirok etayotgan, muhim va dolzarb ijtimoiy ahamiyatga molik dastur va loyihalarni muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishda yuqori natijalarga erishgan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga munosib xissa qo‘shib kelayotgan NNTlarga O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hududiy bo‘linmalari (keyingi o‘rinlarda Hududiy bo‘linma deb yuritiladi) tomonidan NNTlar atroflicha o‘rganib chiqilib, xalq deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarkengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha Jamoatchilikkomissiyalari bilan hamkorlikda beriladi.

1.2. O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hududiy bo‘linmasining tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan NNTlar “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ga joylashish huquqiga ega bo‘ladi.

II bob. Tavsiyanomalar berish

2.1. Nodavlat notijorat tashkilotiga tavsiyanoma berishda NNTlar vakillarining “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lganligi, davlat granti loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirganligi hamda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tarmoq dasturlari ijrosini ta’minlashda faollik ko‘rsatganligi bo‘yicha natijalari alohida inobatga olinadi.

2.2. Tavsiyanoma berish chog‘ida, eng avvalo, nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari, hududlarda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar, shuningdek o‘z tashabbusi bilan tashkil etilgan NNTlar alohida ustuvorlik kasb etishi maqsadga muvofiqdir.

2.3. Hududiy bo‘linma boshliqlari tavsiyanoma berish yuzasidan xolisona qaror qabul qilinishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

2.4. Hududiy bo‘linma yig‘ilishi tomonidan ijobiy qaror qabul qilinganidan so‘ng, NNT tavsiyanoma olishga munosib, deb hisoblanadi.

2.5. Beriladigan tavsiyanomalarning umumiy soni “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”da mavjud xona (joy) miqdoridan oshmasligi lozim.

2.6. Tavsiyanoma blankalari nazorat hisobida turadigan hujjat hisoblanadi, hisobga olish tartib raqamiga ega bo‘ladi. Tavsiyanoma blankasi mazkur Tartibning 1-ilovasiga muvofiq shaklda Assotsiatsiya tomonidan tayyorlanadi.

2.7.Tavsiyanoma blankasining hisobga olinishi, saqlanishi va ularning yuritilishi uchun mas’uliyat Assotsiatsiya markaziy apparatining Ijro nazorati va kadrlar bo‘yicha bosh mutaxassis zimmasiga yuklatiladi.

2.8. Tavsiyanoma o‘rnatilgan tartibda O‘zNNTMA raisi va uning o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadi.

III bob. Yakunlovchi qoidalar

3.1. Mazkur Tartib talablarining buzilishida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llaniladi.

3.2. Mazkur Tartib O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Ta’sischilar Kengashi bilan kelishilgan holda tuzilgan.

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi

Kengashi raisi K. Ishanxodjayev

Nodavlat notijorat tashkilotlarini “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ga joylashtirish uchun tavsiyanoma berish Tartibiga
1-ILOVA

TAVSIYaNOMAning namunaviy BLANKASI ShAKLI

TAVSIYaNOMA №_______

 

________ sanada viloyat adliya boshqarmasidan ____________ raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan ________________________________________________________________NNTga berildi.

 

NNT rahbari F.I.Sh. ________________________________________________________

 

NNT xodimlarining soni ___________________________________________________

 

Mazkur Tavsiyanomaga asosan ______________________ shahridagi “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ga joylashish huquqi berildi.

 

 

O‘zNNTMA ___________ hududiy bo‘linmasi boshlig‘i                           _______________

 

M.O‘.

Tavsiyanoma berilgan sana ___________