O‘quvchilar bilimi, o‘qituvchilar tajribasi oshishi universitet professorlari e’tiborida

Maktablarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga oid muammolarni o‘rganish, bartaraf etish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasiga Urgut tumani Terak mahallasida joylashgan 73-umumiy o‘rta ta’lim maktabi biriktirilgan.

Mazkur maktab 540 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, hozirgi kunda bu bilim dargohida ikki smenada 862 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ularga 70 nafar o‘qituvchi ta’lim bermoqda.

Avvalo, dastlabki kunlardan maktab jamoasi bilan uchrashib mavjud kamchiliklar aniqlandi, ularni bartaraf etish choralari ishlab chiqildi. Shu asosda o‘qituvchilarga tegishli tavsiyalar, ko‘rsatmalar berib kelinmoqda. Kutubxona fondini boyitish maqsadida universitet hamda kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan 200 dan ortiq badiiy kitoblar topshirildi.

Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun maktab bitiruvchilariga o‘zbek tilshunosligi kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan doimiy ravishda zarur yo‘nalishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi, yo‘nalishlarga mos fanlar kesimi tanishtirilib borilmoqda. 

 Bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan alohida ishlash, ularni OTMlar kirish imtihonlariga puxta tayyorlash maqsadida maktabning salohiyatli va tajribali o‘qituvchilaridan iborat tayyorlov kurslari tizimli yo‘lga qo‘yildi, zaruriy qo‘llanmalar, yo‘nalishlar kesimida testlar bazasi bilan muntazam ta’minlab turildi. Maxsus abituriyent burchagi tashkil qilinib, izchil ravishda turli ma’lumotlar kiritilib borilyapti.

Shuningdek, 2020-2021 o‘quv yilida har bir bitiruvchiga 1 nafardan o‘qituvchi biriktirilib, ularga o‘quvchining dars qilishi, qo‘shimcha o‘quv jarayonlariga qatnashishi bo‘yicha doimiy nazorat yuklatildi. Maktab bitiruvchilarining o‘zi tanlagan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarini oshirish uchun Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tavsiya etilgan “VARIATIV O‘QUV REJA” asosida o‘quv jarayonlari tashkil etildi, har bir fan jiddiy nazorat qilindi.

Maktabda o‘qituvchilariga fakultet dekani A.Pardayev boshchiligida o‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, dotsent Sh.Mahmadiyev, professor S.Karimov, dotsentlar A.G‘afforov, R.Suvonova, O.Yusupova, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari S.Umirova, B.Holmuhammedov, assistentlar D.Islomova, S.Qurbonov kabi o‘qituvchilar tomonidan har hafta innovatsion texnologiya va interfaol usullarni dars jarayonida samarali qo‘llash yuzasidan master-klass va seminar-treninglar tashkil etilib borildi. O‘quvchilarga qiziqarli namunaviy ochiq darslar o‘tkazildi.

Bulardan tashqari, bitiruvchilarning ota-onalari, jamoatchilik nazorati kengashi vakillari, maktab rahbariyati, mahalla raisi, noziri ishtirokida davra suhbatlari tashkil etildi, o‘quvchilarning darslarga qatnashish davomati, tartib-intizomi haqida ma’lumot berildi. O‘quvchilarning fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari ulardan olingan nazoratlar natijalari asosida tahlil qilindi, o‘zlashtirishi past bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalariga farzandining darslarini jiddiy nazorat qilishi lozimligi tayinlandi.

Darvoqe, 25 may kuni maktabda so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbiri o‘tkazildi. Unda kafedramiz professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi va a’lo baholar bilan tugatgan o‘quvchilarga faxriy yorliq va turli sovg‘alar ulashdi.

Sherzod Normo‘minov,

Furqat Nurmonov,

SamDU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchilari.