Qo‘shrabotning yangi uylaridagi muammolar qachon bartaraf etiladi?

Siz suratlarda ko‘rib turgan ushbu manzara tuman markazidagi ko‘p qavatli uylar va ularning atrofida aks etgan, deb yozadi Qo‘shrabot tumani “Istiqbol sari” gazetasi telegram kanali.

Bu hudud o‘tgan yil "Obod qishloq" dasturi asosida qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan Mustaqillik mahallasi hududida joylashgan 2-maktabgacha ta’lim tashkiloti qarashli. Muassasaga kirib-chiquvchilar ko‘p qavatli uylardan chiqayotgan bu chiqindilardan zada bo‘lishgan.

- Bir necha oydirki, bu hududning tozaligiga hech kim e’tibor bermaydi, - deydi 2-MTT mudirasi S.Tursunova. – Har xil chiqindiga to‘lgan ariqdan yog‘ingarchilikda suv oqmaydi. Masala yuzasidan mutasaddilarga ham murojaat qildik. Muassasa atrofini xodimlarimiz qancha tozalamasin, tashlanayotgan chiqindilar hudud ko‘rinishiga soya solib kelyapti.

Keyingi yillarda tuman markazida joylashgan mazkur ko‘p qavatli uylar ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda bir necha bor tanqid qilindi. Tanqiddan so‘ng uylarning tashqi ko‘rinishi bir muncha yaxshilandi. Ammo suvash va pardozlash uchun katta miqdordagi pul mablag‘lari ajratilishiga qaramasdan, uylarning fasad qismi suvoqlari bir yil o‘tar-o‘tmas ko‘chib tusha boshladi. Bundan tashqari, hojatxona, kanalizatsiya, ichimlik suvi, gaz muammosi anchadan beri aholini qiynab kelmoqda. Keyingi vaqtlarda elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar ham shuncha muammoga qo‘shimcha bo‘ldi.

- Uy-joy mulkdorlari shirkati xodimlarining bor-yo‘qligi ham bilinmaydi, - deydi ushbu ko‘p qavatli uylardan birida yashovchi Dilshoda Abdumo‘minova. – Yosh bolalarimiz bor. Uylarimiz sovuq. Ichimlik suvidan ham ancha qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Oldinlari bitta quduqdan pul to‘lab foydalanardik. Hozir esa birinchi qavatdagilar o‘zlari uchun shunday quduqlar qazdirib olishgan.

Dilnoza HASANOVA.

Islom BOBOQULOV (foto).