Samarqandda 33 kishi qurilish sohasida baxtsiz hodisaga uchragan

Viloyatda 3029 ta qurilish tashkiloti bo‘lib, joriy yilda qurilish sohasida mehnat qilgan 33 kishi baxtsiz hodisaga uchragan. Bu haqda Bandlik va mehnat vaziri Nozim Husanov Samarqand shahrida onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan anjumanda ma’lum qildi.

Tadbirda viloyatdagi qurilish sohasi rahbarlari, viloyat bandlik bosh boshqarmasi xodimlari va Zoom orqali boshqa hududlardan ham soha xodimlari ishtirok etdi. 

Bugun ishchilarga munosib mehnat sharoiti yaratish borasida amaliy ishlar qilinmoqda, ammo ayrim tashkilotlarda mehnat xavfsizligi choralari ko‘rilmagan, gigiyena talablariga javob bermaydi. Ayniqsa, qurilish sohasida mehnat munosabatlariga to‘liq amal qilinmasligi tanqid ostiga olindi.

Ko‘p qavatli binolarda ishlayotgan ishchilarda xavfsizlik kamari, maxsus kiyim-bosh yo‘q. Shu sababli O‘zbekistonda joriy yilda qurilish sohasida mehnat qilgan 189 nafar ishchi baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan. 

Shuningdek, olib borilgan so‘rovnoma natijasida viloyatdagi qurilish sohasida mehnat qilayotgan ishchilarning 17 foizi norasmiy ishlayotgani ma’lum bo‘lgan.

Bo‘lib o‘tgan seminarda qurilish sohasi rahbarlariga ishchilarni rasman ishga qabul qilish, ularni ishchi kiyim-bosh bilan ta’minlash, munosib mehnat va qulay yashash sharoiti bilan ta’minlash lozimligi tushuntirildi.

O‘z navbatida qurilish sohasi rahbarlari tomonidan berilgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan munosib javob berildi.