“Jadidlar izidan”: Tanlovning final yo‘llanmasi uchun 32 nafar o‘quvchi bellashdi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ikki yildan buyon o‘quvchilar o‘rtasida “Jadidlar izidan” respublika tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
Ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini targ‘ib etish hamda yoshlarni kitobxonlikka keng jalb qilish maqsadida tashkil etilgan tanlovning viloyat bosqichi Oqdaryo tumanidagi 32-maktabda bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning tuman (shahar) bosqichida test va savol-javob yo‘nalishlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 32 nafar 6–8 hamda 9–10-sinf o‘quvchilari “Boshqotirma”, “Savol-javob” va “Asarlar tahlili” shartlari bo‘yicha jadid namoyandalarining hayoti va ijodiga doir bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Tanlov jarayonini hakamlar hay’ati baholab bordi.
— Tanlovning asosiy maqsadi — jadid bobolarimizning g‘oya va qarashlarini maktab o‘quvchilari o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ularning ma’naviy merosini yoshlar ongiga singdirish va fikrlash madaniyatini shakllantirishdir, — deydi jadidshunos olim, hakamlar hay’ati raisi Bahrom Irzayev. — Jadidlar har doim ma’rifat, erkin fikr, ilm va taraqqiyotni muhim deb bilgan. Tanlov orqali o‘quvchilarda shu kabi tushunchalarni uyg‘otishga intilyapmiz. O‘tgan yili tanlovda ishtirok etish istagini 365 mingga yaqin o‘quvchi bildirgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 656 ming nafardan oshdi. O‘quvchilarning jadidlar hayotiga qiziqishi ortgani, ularning islohotchilik faoliyati, matbuot va teatr sohasidagi ijodi, pand-nasihatlari haqida jiddiy ma’lumotga ega ekani quvonarli. Eng muhimi, jadidchilikni faqat tarixiy harakat sifatida emas, balki bugungi kun uchun ham dolzarb tushuncha sifatida qabul qilayotgani tahsinga loyiq.
Tanlov natijasiga ko‘ra, 6-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida birinchi o‘rinni Jomboy tumanidagi 12-maktab o‘quvchisi Lola Kamoliddinova, 9–10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-maktab o‘quvchisi Zahro Sodiqjonova qo‘lga kiritdi.
— O‘tgan yil tanlovning viloyat bosqichida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edim, — deydi Zahro Sodiqjonova. — O‘tgan yil tanlovning respublika bosqichida ishtirok etmagan bo‘lsam-da, bu men uchun katta tajriba bo‘ldi. Jadidlar hayoti va ijodini yanada puxta o‘rganib, bu yilgi tanlovga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdim. Nasib bo‘lsa, respublikada ham g‘olib bo‘lib, ota-onam va ustozlarim ishonchini oqlaysan.
Tanlovning respublika bosqichiga viloyatlardan ikki nafardan o‘quvchi saralanadi va respublikada ham g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar Germaniyaga ikki haftalik sayohat qiladi.