Strescni mustaqil yengib o‘tish mumkinmi?

Biz asabiylik, deb beparvo o‘tib ketadigan xastalik jiddiy asoratlarga, hatto o‘z joniga qasd qilishgacha bo‘lgan holatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlab o‘tgandik. Bu haqda ota-onalar, o‘qituvchilar, xotin-qizlar, oilalar bilan ishlaydigan mutaxassislar, umuman, har bir inson yaxshi bilishi va shunga ko‘ra o‘ziga e’tiborli bo‘lishi talab etiladi.

Xo‘p, depressiya, stressning kelib chiqish sabablari nimada?

Ular turlicha bo‘lishi mumkin. Misol uchun, bir xil mehnat tarzi, kasbiy o‘sish yo‘qligini, mehnatning keraksiz ekanligini his qilish, yashash uchun noqulay sharoit, ish haqining pastligi, tartibga solinmagan ish, do‘stona muloqotning yo‘qligi, to‘laqonli dam olmaslik kabilar.

Stressning oldini olish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak? Emotsional tanglikni yengishning asosiy yo‘li - jismoniy mashg‘ulotlardir. Ayniqsa, suzish, suv sporti bilan shug‘ullanish juda katta yordam beradi. Kitob o‘qish, tabiat qo‘ynida sayr, do‘stlar bilan muloqot ham samarali vosita.

Hayotdagi vaziyatni o‘zgartirishning iloji yo‘qmi, unga bo‘lgan munosabatni o‘zgartiring. Emotsional salbiy kechinmalaringizni diqqat bilan qayta tahlil qiling. Balki bo‘layotgan voqea-hodisalar kuchli darajadagi his-hayajonga arzimas. Diqqatingizni ijobiy narsaga qarating. Dilingiz xufton bo‘lganda hayotingizdagi vaziyat sizga ko‘ringandan ko‘ra yaxshiroq bo‘lishi mumkin. Kayfiyatingizga tash­qi ko‘rinishingizga e’tibor bergandek munosabatda bo‘ling, serjahllilik va jizzakiligingizga kasallik manbasidek qarang. Sport bilan shug‘ullanishga harakat qiling. Ma’lum vaqt o‘tgach, siz nafaqat fe’lingizda, balki tanangizda ham ijobiy o‘zgarishni sezasiz.

Alohida ta’kidlash kerakki, stress, asabiylikning sabablari o‘smirlarda boshqacharoq kechadi. Bu holat keyingi maqolalarimizga mavzu bo‘ladi.

J.SHOMIRZAYEV,B.RAZZOQOV,oliy toifali psixiatr shifokorlar.