Uch oy gazballon ololmagan fuqaro murojaati bo‘yicha “Hududgaz Samarqand” munosabat bildirdi

Oldinroq saytimizda Toyloq tumanida yashovchi fuqaroning uch oydan buyon suyultirilgan gaz uchun ballon ololmayotgani haqda xabar berilgandi.
“Hududgaz Samarqand” GTF holat yuzasidan izoh berdi:
“Zarnews.uz veb-sayti orqali Samarqand viloyati, Toyloq tumani Nayman mahallasida yashovchi fuqaro To‘lqin Abdullayevning suyultirilgan gaz ta’minoti masalasidagi murojaati yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Fuqaro To‘lqin Abdullayevning ikkinchi maishiy gaz ballon ajratish yuzasidan qilgan murojaati “Hududgaz Samarqand” GTF va «Toyloqtumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi mutaxassislari tomonidan joyida o‘rganildi.
O‘rganish davomida fuqaro T.Abdullayevning oilasida 10 nafar kishi istiqomat qilishi, maishiy gaz ballonga ehtiyoji mavjudligi inobatga olinib, tegishli hujjatlar to‘plami asosida ikki tomonlama shartnoma imzolandi va 1 dona suyultirilgan gaz balloni ajratildi”.
Rasmiy munosabatda nima sababdan fuqaroning uzoq muddat maishiy gaz ballon ololmaganiga izoh berilmagan.