Ulusliklar uchun unutilmas kun

Samarqand viloyatida “Yoshlar oyligi” doirasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan ob’yektlarning birinchisining ochilish tadbiri o‘tkazildi.
Nurobod tumanidagi Ulus mahallasida tuman hokimligi va mahalla faollari tashabbusi bilan bunyod etilgan “Ittifoq” nomli zamonaviy bolalar o‘yingohi yoshlar ixtiyoriga toshirildi.
Bu yerda “Street workout” va futbol maydonlari, bolalar uchun attraksionlar, yugurish yo‘lakchalari mavjud. Hududda oqshomlari ham aholi dam olishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratilgan, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan.
- Bugun ulusliklar uchun unutilmas kun, - deydi mahalla raisi O‘ktam Ulug‘ov. - “Yoshlar oyligi” doirasida bu o‘yingohning ochilishi nafaqat bolalarimiz va yoshlarimizni, balki mahallamizning butun aholisini xursand qildi. Buning uchun ko‘p mablag‘ sarflangani yo‘q. Tuman hokimi taklifi bilan mahalla faollari, nuroniylar, tadbirkorlar kelishib shu o‘yingohni bunyod etdik. Shahardagidek zamonaviymasdir, ammo yoshlarimiz bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun imkoniyat yaratildi. Kelgusida bu yerdagi sharoitni yanada yaxshilab boramiz.
Tadbirda konsert dasturlari, ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalari ham tashkil etildi.
To‘lqin Siddiqov.