144 kishi ekin ekishga hafsala qilmayotganini tan oldi

Ehtimol, bu son agar so‘rovni ko‘proq tarqatganimizda yanayam osharmidi? Gap shundaki, yaqinda Zarnews.uz saytida «Tomorqangizda ekin ekishda qanday muammolarga duch kelyapsiz?» degan savol bilan so‘rov e’lon qilgandik.  Unda turli javoblar orasida «ekin ekishga hafsala qilmayapmiz», degan varianti ham bo‘lib, aynan shu javobni tanlaganlar 144 nafarni tashkil qildi. Bu - javoblar orasidagi eng past ko‘rsatkichni tashkil qiladi, ya’ni to‘qqiz foiz ishtirokchilar hafsalasizlik qilayotganini tan olgan.

Savolga javob berganlarning katta qismi, ya’ni 35 foizi (bu o‘rtacha 545 kishini tashkil qiladi) suv masalasi muammo ekanini aytgan. Ushbu javob mutasaddi idoralarning e’tiborini tortsa ajabmas. Sababi, tomorqadan foydalanilmayapti, deb fikr bildirishdan oldin ba’zi muammolarga yechim ham topish lozim.

Ekin ekish uchun urug‘lik olishga qiynalayotgan oilalar ham bor ekan. So‘rovda ishtirok etganlarning 22 foizi  shu javobda to‘xtalgan. Sabzavot, kartoshka urug‘lari, mevali daraxtlar ko‘chatlari tarqatilayotgani haqidagi xabarlarni har kuni kuzatib bormoqdamiz.

Misol uchun Nurobod tuman hokimligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan birida shunday ma’lumotlar keltirilgan: «Nurobod tumani hokimligining mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 2400 ta mevali daraxt ko‘chatlari va 1500 kilogramm kartoshka urug‘i kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj  oilalarga shaxsiy tomorqalaridan unumli foydalanishi uchun bepul tarqatilmoqda».

Bunday harakatlarning boshqa tumanlarda ham quloch yozgani ijobiy holat sifatida baholanmoqda. Qolaversa, kam ta’minlangan oilalar uchun bu kabi yordam o‘z ahvolini tiklash uchun o‘ziga xos investitsiya hamdir.

So‘ralganlarning 14 foizi esa tomorqasi boru, ammo mehnat qiladigan odam yo‘qligi muammo bo‘layotganini bildirgan javobni tanlangan. Ushbu masalada yaqinda «Ishtixon ovozi» gazetasining telegram kanalida shunday xabar berildi. «El dasturxonining to‘kin bo‘lishida shaxsiy tomorqalardan unumli foydalanishning ahamiyati katta. Hozir tomorqaga turli poliz va sabzavot ekinlari ekishning ayni pallasi. Ammo hamma ham buning uddasidan chiqavermaydi. Ayniqsa, yakka-yolg‘iz qariyalar, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan kishilar bu borada bir oz qiynalib qolishlari aniq.

 Ko‘ktepa mahallasida istiqomat qiluvchi 1996 yilda tug‘ilgan bir guruh yoshlar ajoyib tashabbus bilan chiqishdi. Ular boquvchisini yo‘qotgan, yordamga muhtoj qishloqdoshlarining xonadonlariga borib, tomorqa yerlarini ekishga tayyorlab berishni o‘z zimmalariga olishdi».

Bu kabi tashabbus boshqa hududlarda ham qanot yozishiga umidvormiz. Sababi, ushbu javobda to‘xtalgan 14 foiz so‘ralganlar 200 nafardan ortiq kishini tashkil qiladi.

So‘rovnomadagi: «Ekin parvarishlashga ketadigan mablag‘im uni sotib olib iste’mol qilish bilan baravar tushadi», degan javobni 21 foiz so‘ralganlar tanlagan. Bu javobda to‘xtalganlarni tomorqada ishlashni eplolmaydiganlar sirasiga kiritib qo‘yishga shoshilmaslik lozim. Ehtimol, bugun urf bo‘lgan ibora bilan aytadigan bo‘lsak, bir qarich yerdan foyda ko‘radigan insonlarni tomorqasidan yetarlicha foyda ko‘rolmayotgan insonlar istiqomat qilayotgan qishloqqa, ma’lum bir rag‘bat evaziga ko‘chirtirib kelish kabi tadbirlarni ham ko‘rish lozimdir?

Gulruh MO‘MINOVA.