15 may - Xalqaro oila kuni: O‘zbek oilasi - ma’naviyat, ma’rifat qo‘rg‘oni

O‘zbek oilasi deganda ko‘z oldimizda bir uy bola-chaqali, mo‘’tabar bobo-buvi, ota-onalarimiz, farzandlar, nabiralardan iborat katta bir qo‘rg‘on gavdalanadi. Bu - ma’nviyat, ma’rifat, tarbiya qo‘rg‘oni.
Oilada Vatanga sadoqat, ota-onaga oqibat, oila a’zolari o‘rtasida o‘zaro hurmat, mehr-muruvvat omillari o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga singdiriladi. Oiladagi ma’naviy muhitni barqarorlashtirish ota-onada farzandlar, farzandlar oldida ota-onaga nisbatan burchlarini, ularning jamiyat oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Hech bir ta’lim-tarbiya farzandlar oilada, to‘kin dasturxon atrofida jamuljam bo‘lgan bobo-buvi-yu, ota-onalaridan olgan nasihat-u o‘gitichalik kuch-quvvatga ega emas.
Zotan, oila har bir xalqning, millatning davomiyligini saqlovchi, milliy qadriyatlar rivojini ta’minlovchi, ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni dunyoga keltirib tarbiyalovchi maskandir.
Shu bois ham BMT Bosh Assambleyasining 1993 yilgi yig‘ilishida 1994 yildan boshlab har yili 15 mayni Xalqaro oila kuni sifatida nishonlashga qaror qilingan. Bu qarorni qabul qilishdan maqsad barcha taraqqiyparvar va tinchlikparvar insoniyat diqqatini inson o‘z umrini o‘tkazadigan, o‘z orzu-umidlari, baxtu saodatini hamda tinchligini ta’minlaydigan maskan – oilaning mustahkam bo‘lishiga qaratishdir. Bu albatta, bejiz emas. Chunki oiladagi ma’naviy muhit, sog‘lom kayfiyat, barqarorlik jamiyat hayotining asosini ta’minlovchi kuchdir.