7 oyda xorijdan 33 million dona ustara olib keldik. Uni o‘zimizda qachon ishlab chiqaramiz?

So‘nggi yillarda bir martalik yoki ko‘p marta ishlatishga mo‘ljallangan ustaralar (britva) shu qadar ommalashdiki, endi u bizni piska (lezviya) sotib olish, uni oddiy ustaraga joylashtirish, har gal foydalanib bo‘lgach, almashtirish kabi soqol olishdagi noqulayliklardan xalos etdi.

O‘zbekistonda erkaklar sonini chamalab, bu tovarga ichki bozordagi ehtiyojning naqadar katta ekanligini ko‘rish mumkin.

2019 yilning o‘tgan 7 oyida respublikamizga 33 million donadan ortiq ustara import qilingan. Buning uchun 2,2 million AQSh dollari miqdoridagi xorijiy valyuta sarflangan.

O‘tgan yil bilan solishtirilsa, bugun mamlakatga bu turdagi tovarlarni import qilish deyarli 1,5 barobarga oshgan. 2018 yilning yanvar-iyul oylarida 23 million donadan ortiq ustara import qilingan. Buning uchun 1,8 million AQSh dollari sarflangan.

Demak, bu turdagi mahsulotni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish har jihatdan istiqbolli!