Ayron mavsumi: bu ichimlikning foyda, zarari nimada?

Bugungi kunda do‘konlardagi mo‘l-ko‘lchilik bizga ilgari faqat xonadonlarimizda tayyorlanib, oila dasturxoniga tortiladigan ayronning turli xillarini sotib olish imkonini bermoqda. Markaziy Osiyoda, ayniqsa, O‘zbekistonda mashhur bu ichimlikning foyda va zararlari nimada?

Ayron yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Qon tomirlarda tromb shakllanishi hamda ateroskleroz rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Bu darmondorilarga boy ichimlik qondagi xolesterin darajasini pasaytiradi.

Azaldan ayron uzoq umr ichimligi sifatida shuhrat qozongan. Bunga ayronning ichak mikroflorasini tiklashi, oshqozon faoliyatini yaxshilashi, qon tomirlarini mustahkamlab, immunitetni oshirish xususiyatlari sabab bo‘lsa kerak.  Shuningdek, ayron miya va nafas olish tizimini yaxshilash, tanadan zararli toksinlarni chiqarib tashlash, me’da shirasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish va ishtahani yaxshilash, tanadagi shishlarni bartaraf etish, suyak to‘qimasini mustahkamlash kabi vazifalarini ham o‘taydi.

Burun bo‘shlig‘i va tomoqdagi antiseptik xususiyatlari tufayli uni shamollash, gripp va jigar kasalliklarida, metabolizm, ortiqcha vazn, qon bosimining oshishi, anemiya, zaharlanish, osteoporoz bilan bog‘liq muammolarda iste’mol qilish yaxshi natija beradi.

Erkaklar va ayollar salomatligi uchun ayronning o‘ziga xosligi.

Muntazam ayron iste’mol qilish erkaklar va ayollar salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qon tomiri devorlarini mustahkamlashi va xolesterin darajasini pasaytirishi erkaklarda yurak xurujlari va qon tomirlari kasalliklari xavfini kamaytiradi.
Ayollarga esa ayron hayz paytidagi noqulayliklardan xalos bo‘lishga yordam beradi va oshqozon-ichak faoliyati buzilganda gormonlarni tartibga soladi.

Ayron ruhiy zo‘riqish ta’sirini kamaytiradi, charchoqni yengishga yordam beradi. Hech kimga sir emaski, yosh o‘tishi bilan inson suyaklari mo‘rtlashadi, har bir yiqilish yoki tasodifiy zarba jiddiy jarohatlarga olib kelishi mumkin. Kalsiyning yuqori miqdori tufayli ayron organizmning bu ehtiyojini qoplaydi va osteoporoz xavfini kamaytiradi. Ayron tayyorlaganda va sotib olganda mahsulotdagi tuz miqdorini nazorat qiling.

Me’yor.
Kattalar uchun ayronning bir kunlik miqdori uch stakanni tashkil etadi. Ayronni suiste’mol qilish hazm jarayonining buzilishi va umumiy ahvolning yomonlashishiga olib kelishi mumkin.

Homilador ayollar uchun ham ayron juda foydali. U kalsiy miqdorini oshirish, ich qotishi va diareyadan xalos bo‘lish, shishlarni kamaytirish, tarkibidagi foliy kislotasi tufayli homilaning sog‘lom rivojlanishini ta’minlash xususiyatlariga ega.

Bolalar uchun ayron.
Bola bir yoshga to‘lgandan keyin ayronni uning menyusiga kiritish mumkin. Ichimlik bolaning suyak to‘qimasini mustahkamlaydi, shamollashdan himoya qiladi, bolani quvvatlantirib, aqliy faollikni oshiradi. Bolalar uchun kunlik miqdor 200 ml dan oshmasligi kerak. Iste’moldan avval bolangizning sut mahsulotlariga allergiyasi yo‘qligiga ishonch hosil qiling.

Ozuvchilar uchun ayron.

Ayron parhez davrida nafaqat organizmdagi kalsiy va magniy yetishmovchiligini to‘ldiradi, balki tanani oqsilga to‘yintirishi, toksinlardan tozalashi va metabolizmni tezlashtirishi bilan ham foydali. Shunday bo‘lsa ham, ayrondan tashqari ovqat ham tanovul qilish shart. Chunki ayron ovqat bo‘la olmaydi.
Ayronni suzma yoki qatiqqa ichimlik suvi, rayhon va boshqa ko‘katlar, tuz, murch qo‘shib tayyorlash ham mumkin. Uyda tayyorlangan ayronni bir kundan ortiq saqlamang. 
Ayron oshqozon yarasi, oshqozonda ishqorlilik oshishi, surunkali gastrit hollarida ayron ichish tavsiya etilmaydi.