Bog‘isaroy mahallasiga sport zali kerak

Samarqand shahar “Bog‘isaroy” mahalla fuqarolar yig‘inida “Bir ziyoli bitta mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va mahalla faollari bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda universitet tomonidan mahallaga beriladigan ma’naviy ko‘mak, mahalladagi yoshlarning kompyuter texnologiyalaridan foydalanish imkoniyati, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi maqsadida bir nafar o‘qituvchini bunga mas’ul qilish haqida so‘z yuritildi.

- Mahallada yoshlarga musiqa va san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitobxonlik, xotin-qizlarni hunarmandchilikka qiziqtirish borasida yetarli sharoitlar yaratilganligi quvonarli hol, - deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Jumagul Suvonova. – Shu bilan birga, ijodkor yoshlarni kashf qilish, ularning ijod namunalarini jamoaga e’lon qilish va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi doima ko‘makka shay. 

Shuningdek, mahallada yashovchi ehtiyojmand aholiga yordam berish, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar turmush tarzi va yashash holatini o‘rganish, ularni ish bilan ta’minlash va shu orqali bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish va foydali ish koeffitsentini oshirish borasida taklif va mulohazalar tinglandi.

Tadbirda ishtirok etgan faollardan biri yoshlar uchun mahallada sport bilan shug‘ullanish uchun katta sport zali tashkil qilish taklifini bildirdi.

M.Bobotayev.