Germaniyada saylov: Fridrix Mers boshchiligidagi blok g‘alaba qozondi

Germaniya Federal saylov komissiyasi bugun, 24 fevral, dushanbaga o‘tar kechasi natijalarni e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Fridrix Mers boshchiligidagi konservativ XDI/XSI bloki 28,6 foiz ovoz bilan Bundestagga bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlarda g‘alaba qozondi.
O‘ta o‘ng «Germaniya uchun muqobil» (GuM) 20,8 foiz ovoz bilan ikkinchi, so‘l markazchi Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) esa 16,4 foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinni egalladi. To‘rtinchi o‘rinni «Ittifoq-90/yashillar»ning so‘l liberallari (11,6 foiz ovoz), beshinchi o‘rinni So‘l partiya (8,8 foiz) qo‘lga kiritdi.
Liberal erkin demokratik partiya (ErDP) va so‘l populist Sara Vagenknext Ittifoqi (SVI) Bundestagga kira olmadi. Saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchisi bor-yo‘g‘i 4,3 foiz, ikkinchisi esa 4,97 foiz ovoz to‘plagan, parlamentga kirish chegarasi 5 foizni tashkil qilgan.
Germaniyaning amaldagi kansleri Olaf Shols 23 fevral kuni Fridrix Mers va XDI/XSI bloki bilan koalitsiya tuzish bo‘yicha muzokaralarni shaxsan o‘tkazmasligini va yangi hukumat tarkibiga qo‘shilmasligini ma’lum qildi.
Fridrix Mers 2025 yil 21 aprel, Pasxagacha yangi nemis hukumatini tuzishga va’da berdi. Siyosatchi unga kimlar qo‘shilishi mumkinligi haqida gapirishdan bosh tortdi, lekin uning partiyasi GuM bilan birga mamlakatni boshqarmasligini ta’kidladi.