Hindistonlik rassom o‘zbek ayoli timsolini yaratdi

Sentyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti oldidan "Ipak yo‘li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetida ShHTga a’zo davlatlardan kelgan rassomlar “Ijodiy asarlarimizda Shanxay ruhi” nomli xalqaro ko‘rgazma uchun suratlar chizishni boshladi.

O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya Federatsiyasi va Tojikistondan kelgan 40 nafarga yaqin rassom ijodiy ishlarini namoyish qildi.

- 16 yildan buyon arxitektura va portret yo‘nalishida rasm chizaman, - deydi hindistonlik rassom Bhabani Sankardas. – Ijodiy ishlarim ko‘plab xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish etilgan. Ammo Samarqandga birinchi marta kelib, nufuzli xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etyapman. O‘zbekistonga kelganimda ikki ayolni uchratdim, ular ko‘z oldimda Mona Liza kabi gavdalandi va o‘zbek ayoli timsolini yaratdim. O‘ylaymanki, bu asar xalqaro ko‘rgazma ishtirokchilariga manzur bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazmada har bir davlatdan kelgan rassomlar o‘z yurtining ko‘zga ko‘ringan madaniy meros ob’yektlari yoki tug‘ilib o‘sgan shaharlaridagi ijod namunalari bilan ishtirok etadi va Samarqandda to‘rttadan asar yaratdi.

Rassomlar olib kelgan asarlar va Samarqandda yaratilgan ijod namunalari “Ijodiy asarlarimizda Shanxay ruhi” nomli xalqaro ko‘rgazmada namoyish etiladi va eng yaxshi asarlar kelgusi ko‘rgazma uchun saralab olinadi.