Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Itlar o‘ldirilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul vazifasidan ozod etildi

Shu kunlarda Samarqand shahridagi “Istiqbol” mahallasida itlar zaharlab o‘ldirilishi voqeasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilmoqda. Bu holat albatta ko‘pchilik fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyul “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 202-sonli qarori bilan qarovsiz itlarni tutish bilan joylarda obodonlashtirish boshqarmasi huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limlari shug‘ullanishi belgilangan. Samarqand shahrida ham aynan ushbu masalaga Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi huzurida qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limlari tashkil etilib, ushbu masalaga mas’ul etib belgilangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video soha mutasaddilari va jamoatchilik vakillari ishtirokida atroflicha o‘rganib chiqilib, natijalari muhokama etildi.

Ming afsuski, ushbu hodisani itlarni o‘ldirish bilan emas, aksincha, ularni davolash, ro‘yxatga olish va o‘z vaqtida emlab borish kabi vazifalar bilan shug‘ullanishi zarur bo‘lgan Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mas’ullari amalga oshirganligi aniqlandi.

O‘rganish natijalaridan kelib chiqib Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i O.Allamurodov hamda Samarqand shahar veterinariya bo‘limi Siyob vetuchastka mudiri U.Rajabovlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi. Ular egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Bu kabi noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi haqida Samarqand viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi hamda uning quyi bo‘limlari rahbarlari, vetuchastka mudirlari qat’iy ogohlantirildi.

Mazkur holat yuzasidan aybdorlarga nisbatan qonuniy qaror qabul qilinishini ta’minlash maqsadida o‘rganish natijalari viloyat prokuraturasiga yuborildi.

Shu o‘rinda viloyat hokimligi barcha samarqandliklarga murojaat qilib, shu kabi noqonuniy xatti-harakatlarga guvoh bo‘lganda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar, telegram messendjeri yoxud 1177 ishonch telefoni orqali hokimlikni xabardor qilishga hamkorlikka chaqiradi, deb yozmoqda Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmati.