Mayizchilik: Xalqaro bozorda uchinchi o‘ringa chiqish imkoniyatimiz bor

Joriy yil fevral oyida Prezidentimiz imzolagan qarorga asosan “Uzagrostar xolding” kompaniyasi ta’sischiligida mayizchilikni rivojlantirishga ixtisoslashtirilgan “Qo‘shrabot agro-star” MChJ tashkil etilgan.

Qaror bilan korxonamizga mayizchilik sohasini rivojlantirish uchun to‘liq moliyaviy manbalar ta’minlab berildi. Jumladan, “Uzagrostar xolding” kompaniyasi tomonidan 20 milliard so‘m ustav kapitali mablag‘lari shakllantirildi, Xalq banki bilan 10 million dollar investitsiya kiritish borasida shartnoma rasmiylashtirilib, bank tomonidan dastlabki bosqichda 20 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.

Ta’lim, tadqiqot, tajriba va biznes

Qayd etish lozim, ishimizni boshlashdan oldin jahon mayiz bozorini o‘rgandik. Xalqaro mayiz eksporti bozori bo‘yicha olib borilgan o‘rganish va tahlillarimizga ko‘ra, bir yillik mahsulot aylanmasi o‘rtacha 1,6-1,7 milliard dollarni tashkil etadi. Bunda O‘zbekiston yillik 5-6 foizlik ulush (80 million dollar) bilan Turkiya, AQSh, Chili, Janubiy Afrika respublikasi, Afg‘oniston va Eron mamlakatlaridan keyin 7-o‘rinda turadi.

Har yili o‘rtacha 550 million dollardan kam bo‘lmagan qiymatdagi mayiz eksporti bilan, ya’ni jahon mayiz bozorining 30-32 foiz ulush bilan, mutlaq yetakchi hisoblangan, eksportining 65-70 foizini - eng yirik xaridorlar bozoriga yo‘naltirgan Turkiyaning ilg‘or mayiz yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalari bilan muzokaralar olib borildi. Ularning taklifiga binoan tajriba almashish maqsadida korxonamiz vakillari hamda mayizchi bog‘bonlardan tashkil topgan guruh joriy yil sentyabr oyida mamlakatdagi mayizning 97 foiz qismini yetishtiruvchi Manisa va Izmir viloyatlarida xizmat safarida bo‘ldik.

Safarimiz davomida shu narsa ayon bo‘ldiki, ularning yutuqlarining manbasi bu – “ta’lim, tadqiqot, tajriba va biznes” jarayonlarning integratsiya qilinganligi ekan.

Misol uchun, mayizchilik kompaniyalari o‘z faoliyatlarini Egey universitetining qishloq xo‘jaligi fakulteti, Manisa Jelal Bayar universiteti injinerlik fakulteti va Manisa uzumchilik ilmiy-tadqiqot instituti kabi muassasalar bilan hamkorlikda olib borishiga guvoh bo‘ldik.

Mayiz xalqaro standart bo‘yicha tayyorlanadi

O‘zbekistonda mayiz navlarini yaxshilash, aholi daromadini oshirish hamda mayiz eksportini oshirish uchun bir qator chora-tadbirlarni belgilab oldik.

Birinchidan, Turkiyada bo‘lgan safarimizda u yerda uzumzorlarning barchasi shpalerga o‘tkazilganligi, bu hosildorlikning va sifatning yuqori bo‘lishini ta’minlashi, 1 gektar uzumzordan 25-30 tonna uzum hosili olinishini ko‘rdik. Aholi orasida buni keng targ‘ib qilgan holda 2026 yilda to‘rt tumandagi mayizbop uzumzorlarning 10 foizi, ya’ni 3300 gektar tokzorlarni shpalerga o‘tkazishni reja qilyapmiz.

Davlat rahbarining tegishli qarorida ko‘chatlarni shpalerga o‘tkazishda har bir shpaler uchun 15 ming so‘mgacha subsidiya berilishi belgilanib, masalaning moliyaviy yechimi ta’minlangan.

Bundan tashqari, “Qo‘shrabot agro star” tomonidan ham qo‘shimcha 200 gektar maydonda shpaler asosida uzumzorlar tashkil qilinadi va kooperatsiya shartnomalari rasmiylashtirilib, ishsiz yoshlarga 0,5 gektardan bo‘lib beriladi. Yetishtirilgan hosil kafolatlangan xaridor sifatida “Qo‘shrabot agro star” tomonidan sotib olinib eksportga yo‘naltiriladi.

Ikkinchidan, bugungi kunda organik oziq-ovqat mahsulotlariga jahon bozorida talab ortib bormoqda. Shu sababli ushbu yo‘nalish bo‘yicha ham ishlarni boshlab yubordik. Qo‘shrabot tumanida tashkil etiladigan agrosanoat majmui tarkibida 2026-2028 yillarda bosqichma-bosqich 100 gektarlik Organic xalqaro sertifikatlash standartlariga uyg‘un mayizbop uzum yetishtirishni tashkil qilyapmiz.

Shuningdek, Portugaliyaning “Agricert”, Turkiyaning “Natursert”, “Sia analiz laboratuvarlari” kompaniyalari bilan hamkorlikda to‘rt tumandagi kamida 30-40 ta tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xo‘jaliklari faoliyatiga 2026 yilda “Organic”, “Global GAP” xalqaro sertifikatlarini joriy etish bo‘yicha ishlar boshlandi. Hamkor kompaniyalar mutaxassislari tomonidan agronom va mutaxassislar xalqaro sertifikatsiya standartlari bo‘yicha o‘qitilib, agrotexnik tadbirlarning ular tomonidan muvofiqlashtirib borilishi ta’minlanadi.

Uchinchidan, ko‘chatchilik buyicha ham bir qator kamchiliklarimiz borligi kuzatildi. Bu borada “Tekbag‘”, “Agrotek”, “Biofeffectory” kompaniyalari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston uchun to‘liq yangilik bo‘lgan, turli kasalliklarga, tuproq tarkibidagi tuzning ortishi, suvsizlik kabilarga chidamliligi yuqori bo‘lgan, hosildorlikning oshirilishiga qaratilgan Amerika payvandtoklariga hosildor va eksportbop mahalliy va xorijiy tok navlarini payvandlash orqali yangicha “Tok ko‘chatchiligi maktabi”ni tashkil etish borasida “Tekbag‘” kompaniyasi bilan hamkorlik olib borilmoqda. Bundan tashqari, hosildor va eksportbop xorijiy tok navlarini olib kelish bo‘yicha karantin agenligi bilan kelishib oldik.

To‘rtinchidan, joriy yil 10 oyida yurtimizdan 109,5 million dollarlik 84,1 ming tonna mayiz eksport qilinib, bu o‘tgan yilning mos davridagi (49,5 million dollarlik, 33,3 ming tonna) ga nisbatan summada 221 foizga, tonnada 253 foizga oshdi.

Korxonamiz tomonidan aholidan uzum va mayiz sotib olib, uni eksportga yo‘naltirishni yo‘lga qo‘ydik. Aholidan sotib olingan uzumlarni yangi texnalogiyalar asosida quritish uchun zamonaviy quritish ayvonlari qurildi. Natijada jami 650,9 ming dollarlik 306,8 tonna mayiz eksport qilindi. 2026 yilda 5 million dollarlik eksport qilishni rejalashtirib turibmiz.

Million-million dollar keladi

Korxona faoliyatini kengaytirish uchun Qo‘shrabot tumanining 303 gektar yer maydonida agrosanoat majmui tashkil etish yuzasidan ishlarni boshlab yubordik.

Ushbu majmua ishga tushishi natijasija yiliga 500 ming dona yuqori sifatdagi mayizbop uzum ko‘chatlari yetishtirish, yiliga 5 ming tonna mayizni qayta ishlash, milliy brend nomi ostida har yili 5 million dollarlik eksportni amalga oshirishga erishiladi.

Joriy yilgi mavsumda loyihaning dastlabki bosqichi sifatida agrosanoat majmuasi hududida quritish ayvoni tayyorlandi hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklaridan 200 tonna uzum xarid qilinib, 50 tonna sifatli mayiz olishga erishildi.

Davlatimiz rahbarining qarorida ko‘rsatilganidek, mayizchilikda yurtimizda mavjud bo‘lgan potensial hamda ilg‘or xalqaro tajriba yutuqlari bilan birlashtirgan holda ishlasak, xalqaro mayiz bozorida 3-o‘ringa ko‘tarilishga imkonimiz bor, deb o‘ylayman.

Hozirda jahon mayiz bozorida mayizlarimizning brend nomini keng yoyish maqsadida viloyat hokimligi bilan hamkorlikda “Samarqand mayizi” geografik ko‘rsatkichi va “Qo‘shrabot mayizi” tovar belgisi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Ma’ruf ABDURAZZOQOV,

“Qo‘shrabot agro star” MChJ rahbari.