Muammolar xonadonlarda o‘rganildi

O‘tgan yildan har bir mas’ulning xalq orasiga kirib, ularning dardini tinglab, muammolarni bartaraf etishlari yangicha ko‘rinishda tashkil qilindi. Jumladan, 2019 yilning fevral oyidan Xalq qabulxonasi mas’ullari va sektor rahbarlari uyma-uy yurib, fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘ldi.

Natijada viloyat bo‘yicha 652 ming 828 ta xonadonlar o‘rganilib, 113 ming 384 ta xonadonlarda aholining 116 ming 541 ta muammolari aniqlandi. Aniqlangan muammolarning 115 ming 007 tasi, ya’ni 98,7 foizi ijobiy hal etilgan.

Sohalar kesimida olganda uy-joyi ta’mirga muhtoj, og‘ir sharoitda yashayotgan oilalar bo‘yicha (imkoniyati cheklangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj va shu kabi) aniqlangan muammolarning hal etilishi 86 foizni, uy-joyga muhtojlar bo‘yicha 87 foizni, gaz ballon, maktabgacha ta’lim, bandlik, bank krediti va kadastr yo‘nalishidagi muammolar bo‘yicha 99 foizni, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ko‘mir, sog‘liqni saqlash, pasport va moddiy yordamga muhtojlik bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha 100 foizni tashkil etmoqda.

Bundan tashqari, ijtimoiy ob’yekt, ko‘p qavatli uy, bino, inshoot, joy, ko‘cha va boshqa ob’yektlarda o‘tkazilayotgan o‘rganishlar bo‘yicha 34 ming 703 ta ob’yektlar o‘rganilib, 29 ming 629 ta ob’yektda turli ko‘rinishdagi muammolar mavjudligi aniqlangan. Mazkur ob’yektlardagi 38 ming 29 ta muammoli masalalardan 7193 tasi to‘liq bartaraf etilgan.

Yoqubjon GADOYeV tayyorladi.