Narpayda nima yangiliklar bo‘ladi?

Xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan Narpay tumanini 2026 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 2026 yilda tumanda sanoat ishlab chiqarish hajmini 1 trillion 598 milliard so‘mga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini 3 trillion 438 milliard so‘mga, xizmatlar hajmini 1 trillion 811 milliard so‘mga, qurilish ishlarini 286 milliard so‘mga hamda chakana savdo aylanmasini 2 trillion 288 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Qurilish dasturlari doirasida 13 ta obektda 71,3 milliard so‘mlik qurilish ishlari, jumladan, 2 ta maktab (670 o‘rin), 2 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti (240 o‘rin) va 7 ta tibbiyot muassasasi (550 o‘rin) barpo etish rejalashtirilgan. 41 kilometr avtomobil yo‘lini ta’mirlash, 58 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, 29 kilometr yangi elektr tarmoqlar tortish, 45 ta transformator punkti qurish, 443 kilometr elektr tarmoqlarini joriy va mukammal ta’mirlash hamda 154 ta transformatorni ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

“Yashirin iqtisodiyotning” oldini olish maqsadida joriy yilda 4921 ta yuridik va jismoniy shaxsdan 90,3 milliard so‘m qo‘shimcha manba aniqlanadi. Yil yakunida kambag‘allik darajasini 4 foizdan 2,2 foizga, ishsizlik darajasini 4,8 foizdan 3,3 foizga qisqartirish, kambag‘al oilalarni barqaror bandlik xizmatlari bilan qamrab olish va daromad keltiradigan faoliyat turlariga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Yil davomida 1,8 ming oila va ularning 7,9 ming nafar oila a’zosi kambag‘allikdan chiqariladi, besh mingdan ortiq fuqaro doimiy ishga joylashtiriladi, qariyb 2,8 ta ish o‘rni soyadan chiqariladi.

Yil davomida kichik va o‘rta biznes subektlariga 360 milliard so‘mlik, “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida 45,7 milliard so‘mlik, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida 23,7 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida 14,3 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratiladi. 1,8 mingdan ortiq fuqaro vaqtincha mehnat qilish uchun xorijga ishga yuboriladi, 337 nafari kasbga va chet tillariga o‘qitiladi.

Tumanning Istiqlol, Chaykal, Sohibkor va Ko‘k-ota mahallalarida drayver loyihalari amalga oshiriladi, Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla dasturiga kiritilgan Tortuvli va Xo‘jaqo‘rg‘on mahallalarida loyihalarni amalga oshirish, joylarda 290 ta hunarmandchilik tashkil qilish rejalashtirilgan. Og‘ir toifadagi Umid, Olti o‘g‘il, Ipak yo‘li, Totkent, Xo‘jakarzon va Muqimiy mahallalarida aholi yashash sharoiti yaxshilanadi, tadbirkorlarga qulay sharoit yaratiladi.

Yil davomida 155 million dollarlik (shundan, 88 million dollar manzilli loyihalar hamda 67 million dollar istiqbolli loyihalar hisobiga) xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb qilinadi. Tepa mahallasida joylashgan “Urgut” EIZ hududida qiymati 7 million dollarlik temir beton ishlab chiqarish loyihasini boshlash rejalashtirilgan.

Tumanning investitsiya imkoniyatlari hamda salohiyatidan kelib chiqib sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha hududga mos 20 ta yangi istiqbolli loyiha takliflari ishlab chiqiladi, tumandagi 8 ta yirik loyihaning to‘liq quvvatda ishlashi ta’minlanadi.

Umuman, tumanda ikkinchi chorakdan boshlab yil yakunigacha hududiy investitsiya dasturlari doirasida 40 ta loyihani ishga tushirish va 626 ta ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Aprel va iyul oylarida tuman delegatsiyasi Xitoy va Turkiyaga rasmiy tashrifni amalga oshirishi nazarda tutilgan.

Sanoat yo‘nalishida qiymati 19,1 million dollar bo‘lgan 19 ta, xizmatlar ko‘rsatishda qiymati 46 million dollarlik 24 ta, qishloq xo‘jaligida qiymati 2,5 million dollarlik 4 ta loyiha amalga oshiriladi.

Qurilish sohasida bu yil 127 xonadonli 3 ta uy-joy qurilishi, 3 ta ko‘p qavatli uy-joyni ta’mirlash, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 1 million tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan. 2 ta umumta’lim maktabi, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 6 ta sog‘liqni saqlash obekti qurish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib boriladi. Xo‘jaqo‘rg‘on va Tortuvi mahallalarida 2,8 kilometr ariq betonlashtiriladi, 1 ta svetofor quriladi, 4,2 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etiladi, 4 kilometr yo‘l ta’mirlanadi, 35-maktab uchun sport zal qurish, 5 dona transformator, 340 dona tayanch ustun o‘rnatish, 13 kilometr elektr tarmog‘i tortish ham bu yilgi rejalar sirasiga kiritilgan. Charxin mahallasida 1 ta transformator o‘rnatiladi, 0,6 kilometr elektr tarmoq tortiladi, 0,3 kilometr piyodalar yo‘lagi quriladi, 12 ta tungi yoritish chirog‘i o‘rnatiladi.

Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish loyihasi doirasida 1 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 4 ta maktab, 1 ta oilaviy poliklinika binosi rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, 41 kilometr ichki yo‘lni ta’mirlash, 20 ta tranformator o‘rnatish, 60 kilometr elektr, 58 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, 4 kilometr piyodalar yo‘lagi qurish rejalashtirilgan. "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi asosida 11 kilometr ichki yo‘l ta’mirlanadi. Tegishli dasturlar va ichki moliyaviy imkoniyatlar hisobidan 5 ta inshoot hamda 100 kilometr ichimlik suv tarmog‘i quriladi, ichimlik suvi va oqova suv inshootlariga 11 dona elektr tejamkor nasoslar o‘rnatiladi. Bu ishlar natijasida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 75 foizga, oqova bilan ta’minlash darajasi 15,2 foizga yetkaziladi.

Tumanda zamonaviy ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llash orqali 3021 gektar maydonga “Shinjon” usulida chigit ekiladi. Yil davomida 3,6 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi.

2026 yil hosili uchun asosiy maydonlarga 320 gektar kartoshka, ertaki ekinlardan bo‘shaydigan takroriy maydonlarga 30 gektar poliz ekinlari ekiladi. 6390 gektar boshoqli don ekinlaridan gektariga 90-95 sentner hosildorlikka erishish kutilmoqda. Asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari, jumladan, g‘alladan va ertaki ekinlardan bo‘shaydigan takroriy maydonlardan hamda dehqon xo‘jaliklaridan “Bir mahalla-bir mahsulot” tamoyili asosida 87,8 ming tonna sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi.

Tumanda go‘sht (tirik vaznda) ishlab chiqarishni 9 ming tonnaga, sut ishlab chiqarishni 98 ming tonnaga (103 foiz), parrandalar bosh sonini 750 ming boshga (109,7 foiz), tuxum ishlab chiqarishni 42 million donaga (100 foiz) ga yetkazish rejalashtirilgan. Qoramolchilikni rivojlantirish yo‘nalishida 7,3 milliard so‘mlik, parrandachilikda 3 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshiriladi.

Tibbiyot yo‘nalishida 55 ming 466 nafar 40 va undan katta yoshdagi aholi yurak qon-tomir va qandli diabet kasalligini erta aniqlash maqsadida ommaviy skriningdan, 10 ming 617 nafar 35-55 yoshdagi ayollar bachadon bo‘yni skriningidan o‘tkaziladi. 2-10 yoshli 35 ming 448 nafar bolalar gelmintoz, 3-18 yoshli 51 ming 752 nafar bolalar onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash maqsadida ommaviy va selektiv skriningdan o‘tkaziladi.

Yil yakunigacha kompyuter dasturlash sohasida faoliyat olib borayotgan korxonalar soni 3 taga ko‘payadi, IT Park rezidentlari xizmatlari hajmini 60,5 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.

Bu loyihalar va rejalarning amalga oshirilishi tumanda aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ishsiz fuqarolarning doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishi, yangi imkoniyatlarning ishga tushirilishi va iqtisodiy barqarorlikka erishishda muhim zamin yaratadi.