Ochiq turizm mavsumi boshlandi
Yaqinda davlatimiz rahbarining Samarqandga tashrifi chog‘ida O‘zbekistonni xavfsiz turistik yo‘nalish sifatida targ‘ib qilish bo‘yicha katta kampaniya boshlanishi, aprel-iyun oylari “O‘zbekistonda ochiq turizm mavsumi” deb e’lon qilinishi aytilgan edi.
Ushbu muddat davomida aviakompaniyalarga yangi reyslarni yo‘lga qo‘yib, olib kelingan har bir xorijiy sayyoh uchun 100 dollardan subsidiya berilish, bunday aviakompaniyalarga aeroport xizmatlari uchun 20 foiz chegirma taqdim qilish ma’lum qilingandi. Shuningdek, Samarqandda turizm sohasida bir qator yangi loyihalar ishga tushirilib, dunyoga mashhur san’atkorlarning gastrollari, biznes-forum va moda festivallari o‘tkaziladi.
Samarqand xalqaro aeroportidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Samarqand orqali 22 yo‘nalish bo‘yicha mahalliy va xalqaro parvozlar amalga oshirilmoqda. Aprel oyidan boshlab ochiq turizm mavsumida va yil yakuniga qadar yana bir nechta yo‘nalishda yangi aviqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Suyunovning ma’lum qilishicha, 2026–2027 yillarda Samarqand viloyatida turizmni kompleks rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, davlat rahbarining viloyatimizga tashrifi doirasida ushbu loyihalar Prezidentga taqdim etilgan.
Jumladan, Samarqandning turizm infratuzilmasini yaxshilash va yangi turizm loyihalarini amalga oshirish, turistik mahsulot va yo‘nalishlarni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish, xizmatlar sifatini oshirish, madaniy ko‘ngilochar va xalqaro tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olingan.
– Viloyatda sayyohlik, ziyorat, gastronomik, tibbiyot, eko va etnoturizm yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali joriy yil yakuniga qadar Samarqandga keladigan xorijlik sayyohlar oqimini 5 million, mahalliy sayyohlar sonini 6 millionga hamda turizm eksportini 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan, – deydi J.Suyunov. – Hududlarda 152 ta joylashtirish vositalari tashkil etish belgilangan bo‘lib, 2026-2027 yillarda umumiy qiymati 448 million dollarlik 60 ta yirik loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalardan 183 million dollari xorijiy, 265 million dollari mahalliy investitsiyalar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Viloyatda turizm sohasini rivojlantirish master-rejasi asosida Bulung‘urdagi Erganakli, Qo‘shrabotdagi Pangat, Urgutdagi Chorchinor, Toyloqdagi Bog‘izog‘on, Payariqdagi Xo‘ja Ismoil, Jomboydagi Zarafshon mahallalari “Turizm qishlog‘i”ga aylantiriladi. Urgut tumanida ekstremal turizmni rivojlantirish maqsadida paraplanda uchish klubi tashkil etiladi. Tumanning Omonqo‘ton va Qoratepa mahallalarida 80 gektar maydonda, Chorchinor mahallasida 25 million dollarlik yirik turizm loyihalari amalga oshiriladi. Bulung‘ur tumanida esa 25 gektar maydonda dam olish va turizm maskanlarini tashkil qilish uchun bo‘sh turgan yer maydonlari “E-auksion”ga chiqarilib, tadbirkorlarga beriladi.
Viloyatdagi yirik sayyohlik kompaniyalaridan biri “Shahrezada Sam Star Tour Discover” rahbari Tolib Jahongirov Prezidentimizning Samarqandga tashrifi doirasida turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha imtiyozlar e’lon qilinishi tur-operatorlar uchun yangi imkoniyat va qulaylik yaratayotganini ta’kidladi.
– Ochiq turizm mavsumida tur-operatorlarga uch oy davomida jalb qilingan har 1 ming nafar xorijiy turist uchun byudjetdan 5 ming dollargacha subsidiya ajratilishi, shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi “keshbek” tariqasida qaytarilishi sohada ish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, – deydi T.Jahongirov. – Ayni paytda kompaniyamiz ichki turizm, transport xizmati, ziyorat turizmi, xorijiy sayyohlarni jalb qilish, sohil bo‘yi dam olish xizmatlari hamda mehmonxona yo‘nalishlarida faoliyat yuritib, yiliga 10 ming nafarga yaqin xorijiy sayyohlarni yurtimizga olib kelmoqda. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni yanada oshirish, shuningdek, viloyatda sayyohlik, ayniqsa, ziyorat turizmini yangi bosqichga ko‘tarishni reja qilganmiz.
Fazliddin Ro‘ziboyev.