Qobulga uyushtirilgan raketa zarbalari oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, o‘ndan ortiq odam jarohatlandi

Qobulning uchta hududiga 14 ta raketa zarbasi amalga oshirildi. Bu haqda Tolo News telekanali mamlakat ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotga tayanib xabar berdi.
Afg‘onistonning Pajhwok agentligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, raketalar aholi istiqomat qilayotgan hududlarga va mahalliy kasalxonaga kelib tushgan. Sodir bo‘lgan voqea uchun hozircha hech kim javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
AQSh harbiylarining Afg‘onistondan to‘liq chiqib ketishi arafasida, shuningdek, Afg‘onistonaro muzokaralar boshlanishi soyasida mamlakatda terrorchilik hujumlar soni oshgani kuzatilmoqda. Bir hafta oldin G‘azni shahridagi turar joylarga uyushtirilgan hujum oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan va 7 kishi jarohatlangan edi.
Mamlakat rasmiylari bergan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi uch oy ichida terrorchilik hujumlar oqibatida 200 dan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan va 400 dan ortiq odam jarohatlangan.