Samarqand olimlari ishtirokida Jizzaxda qadimiy ustaxona topildi

Samarqand arxeologiya instituti olimlari Jizzax viloyati G‘allaorol tumani O‘gat qishlog‘i va Forish tumani Narvon qishlog‘ida paleolit davriga oid ustaxona topishdi.
Dastlabki topilmajoy G‘allaorol tumani O‘gat qishlog‘ining shimoliy-sharqiy hududida aniqlangan bo‘lib, 200 ga yaqin tosh buyumlar yig‘ib olingan.
Arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tadqiqotchi Azbiddin Xolmatovga ko‘ra, mehnat qurollar qumtosh (peschanik) va kvars xomashyosidan yasalgan. Tosh qurollar asosan birlamchi ishlov berilgan bo‘lib, tishsimon qurollar kamchilikni tashkil qiladi.
To‘plamda nukeus, plastina, otshep va levallua tipidagi qurollarni uchratamiz.
Ikkinchi topilmajoy Forish tumanidan topilgan bo‘lib, Narvon qishlog‘ining shimoliy-sharqiy hududida joylashgan. Bu yerdagi tosh qurollar qumtoshli(peschanik) bo‘lib, 20 ga yaqin. Ular orasida nukleus va otshep kabi mehnat qurollari mavjud.
Har ikkala topilma texnik-tipologik belgilarga ko‘ra, o‘rta paleolit bilan davrlashtirildi. Tadqiqot ishlari davom ettirilmoqda.