Samarqand tez tibbiy yordam tizimiga 30 ta “Ford” rusumidagi reanimobillar topshirildi

2016 yilda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan tez tibbiy yordam tizimi bor yo‘g‘i 2 ta reanimobil xizmatidan foydalangan bo‘lsa, bugunga kelib, tizimda olib borilayotgan islohotlar natijasida 62 ta shunday avtotransport aholiga tez tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.
Bugun viloyatimizda faoliyat yuritayotgan tez tibbiy yordam stansiyalariga 30 ta “Ford” rusumidagi eng zamonaviy reanimobillar topshirildi. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Reanimobillarni topshirish marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ochilov va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozovlar keyingi yillarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida tez tibbiy yordam xizmatiga ajratilayotgan mablag‘lar bir necha barobarga oshirilganini va tez yordam brigadalari dislokatsiyasi qayta ko‘rib chiqilib, qishloq oilaviy poliklinikalarida yangi tez tibbiy yordam tayanch punktlari tashkil etilganligini ta’kidlashdi. Buning natijasida tez yordam brigadalarining xizmat ko‘rsatish radiusi 15-20 kilometrdan 8-12 kilometrgacha qisqargani hududlar aholisi uchun ham, soha hodimlari uchun qulayliklar yaratgani quvonarlidir.
Eng muhimi, tizimda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlarining moddiy manfaatdorligi oshib, ularning olis hududlarda faoliyat olib borishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi.