Samarqandda Rudakiy haykali ochildi

Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda Samarqand shahrida fors-tojik adabiyotining asoschisi Abu Abdulloh Rudakiy haykalining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
Samarqand shahrida turli yillarda bu ulug‘ adibning kichik haykal va byustlari bo‘lgan, ammo ular har xil sabablar bilan boshqa joyga ko‘chirilgan yoki o‘z munosib o‘rnini topmagan. Vaholanki, shaharda Rudakiy nomi bilan ataladigan katta ko‘cha bor, shuningdek, yana boshqa bir qator ob’yektlarga shoir nomi berilgan.
– Keyingi ikki yilda shahrimizning Rudakiy nomli ko‘chasi rekonstruksiya qilinib, kengaytirildi, hududda katta hajmdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, – dedi yodgorlikning ochilish marosimida ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov. – Shu ko‘chaning Bo‘stonsaroy ko‘chasi bilan kesishgan chorrahasida zamonaviy yo‘l o‘tkazgich qurildi. Yo‘l atrofi obod va ko‘rkam ko‘rinish oldi. Bu jarayonda viloyat tojik va tojikzabonlar milliy madaniy markazi, viloyatimiz jamoatchiligi va ijodkorlar ushbu ko‘cha atrofida Abu Abdulloh Rudakiy xotira maydoni tashkil etish va haykalini o‘rnatish tashabbusini bildirdi. Bu tashabbus viloyat va shahar hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, shu joy tanlandi va obod qilindi. Taniqli haylaktarosh Turkman Esonov tomonidan ulug‘ adibning salobatli haykali yaratildi.
Marosimda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar, viloyat va shahar jamoatchiligi vakillari so‘zga chiqib, bu ezgu ish tashabbuskorlariga minnatdorlik bildirdi.
– Bu ko‘rkam maydonning tashkil etilishi mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir ko‘rinishi, - deydi “Ovozi Samarqand” gazetasi muharriri Bahodir Rahmonov. - Abu Abdulloh Rudakiy yozib qoldirgan nodir asarlar ming yillik tarixga ega bo‘lsa-da, bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Uning g‘azal va ruboiylaridagi vatanni sevish, tinchlikning qadriga yetishga undovchi g‘oyalar yoshlar tarbiyasida muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun ham biz viloyat hokimligi ko‘magida ulug‘ adibning eng sara ruboiylaridan iborat kitob tayyyorlab, o‘zbek va tojik tillarida chop etdik.
Mazkur majmuaning yaratilishi azaldan yaqin qo‘shni, qardosh bo‘lgan o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, ikki xalq ijodkorlarining hamkorligini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
To‘lqin SIDDIQOV.