Samarqandlik tadbirkorlar aholiga saxovat ko‘rsatmoqda, ko‘mak bermoqda

Yurtimiz bo‘ylab keng qanot yozgan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati samarqandlik tadbirkorlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tadbirkoru fermerlar mahalla, qishloq, ko‘p qavatli uylarda yashayotgan kam ta’minlangan oila, ishsiz aholini aniqlab, o‘z jamoalariga qabul qilyapti. Ularni ish bilan ta’minlab, amaliy ko‘mak bermoqda.
Qolaversa, saxovatpesha tadbirkorlar karantin cheklovlari sababli vaqtincha ishsiz qolgan va ehtiyojmand fuqarolarga kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini xayriya tariqasida tarqatib, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlamoqda.
Xususan, “Hikmatullo" xususiy korxonasi rahbari Akmal Asadov va “ALJ SAMARQAND” mas’uliyati cheklangan jamiyati menejeri Shohrux Alibekov Samarqand shahridagi Siyobcha va
Damariq mahallalarida saxovat tadbirlarini tashkil etdi. Siyobchada yashovchi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan aholiga mahalla raisi R.G‘ofurov va faollari taqdim etgan ro‘yxat asosida zarur mahsulotlar yetkazib berilgan bo‘lsa, Damariq mahallasida oziq-ovqat yarmarkasi tashkil qilindi. Unda tadbirkorlar tomonidan aholiga 1000 ta qolipli non bepul tarqatildi, bozor narxidan arzon holda tovuq go‘shti, tuxum, pomidor, bodring, ko‘katlar savdosi yo‘lga qo‘yildi.
- Ramazon duolar ijobat bo‘ladigan oy, - deydi “Hikmatullo" xususiy korxonasi rahbari A.Asadov. - Bugungi sinovli kunlarda aholimizga imkoniyatimiz boricha ko‘maklashish biz, tadbirkorlarning burchi.
Zero, xalqimiz og‘ir damlarda uzatilgan yordam qo‘lini hech qachon unutmaydi.