Samarqandlik talabalar xalqaro matematika olimpiadasida yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi

13–18 aprel kunlari Turkmanistonning Ashxobod shahrida “OMOUS–2025” Xalqaro ochiq matematika fan olimpiadasi o‘tkazildi.

Unda dunyoning bir qator mamlakatlaridan 600 nafardan ziyod talaba ishtirok etdi va bahslashdi. Mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutining Erali Boyqobilov, Mehroj Otamurodov, E’zoza Ilhomova va Asilbek Boymatov kabi bilimdon yoshlari ishtirok etib, salmoqli natijalarga erishdi.

Xususan, individual bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Erali Boyqobilov kumush medal sohibiga, E’zoza Ilhomova esa bronza medal sovrindoriga aylandi.

Shuningdek, guruh bahslarida barcha talabalar bilimlari evaziga jamoaviy birdamlik ko‘rsatib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.

– Bunday xalqaro musobaqalar nafaqat shaxsiy salohiyatni oshiradi, balki bir-birini qo‘llab-quvvatlash va jamoaviy g‘alabaga erishish ruhini shakllantiradi, – deydi Erali Boyqobilov. – Erishilgan yutuqlarda bizga chuqur bilim bergan va qo‘llab-quvvatlagan ustozlarimizning o‘rni beqiyos.

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti axborot xizmati.