“Saxovat va ko‘mak”: Bemor salomatligini tiklash uchun 16,5 million so‘m ajratildi

Samarqand shahridagi “Ilmobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Mavluda Qodirova farzandi K.Saitovning sog‘ligi yaxshi emasligi sababli jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun “Mahalla” xayriya jamoat fondiga murojaat qildi.
Fond tomonidan ushbu murojaat ijobiy yechim topdi. Ya’ni, unga farzandini davolatish uchun xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining tegishli sessiyasi qaroriga asosan “Mahalla” xayriya jamoat fondining Samarqand shahar bo‘linmasi qoshida tashkil qilingan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisob raqamidan 16,5 million so‘m ajratildi.
– Murojaatim ijobiy hal qilinganidan xursandman, – deydi M.Qodirova. – Farzandim salomatligi oilamiz baxti, tinchligi. Ko‘mak uchun, davlatimiz tomonidan qaratilayotgan bunday e’tibor uchun mamnunmiz.
Qayd etish lozimki, joriy yilning may oyida Samarqan shahrida yashovchi “Temir daftar”da ro‘yxatda turgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj 78 nafar fuqaroga jami 400 mln so‘mdan ortiq mablag‘lar maqsadli yo‘naltirildi. Jumladan, sog‘ligini tiklash va davolanish bilan bog‘liq xarajatlarga 337 million so‘m, moddiy yordam uchun 41,9 million so‘m, uy-joy ta’miri va kommunal to‘lovlardan qarzdorlikni so‘ndirish va boshqa xarajatlar uchun 21,4 million so‘mlik mablag‘lar yo‘naltirildi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat bo‘limi axborot xizmati.