Shahar do‘kon nomlari tarjimasidagi “dahshat”lar

Ko`zim ko`cha bo`yida joylashgan do`konlar nomiga tushganda, ayrimlarining ona tilimizga qilgan tarjimasidan dahshatga tushaman. Agar tadbirkorlarimiz do`konlari peshtoqiga osilgan nomlarni tarjimasi bilan bersa, ularning aksariyatiga xaridorlar kirmasligi tabiiy.
Masalan, Mirzo Ulug`bek ko`chasida joylashgan "Terrа Pro" erkaklar kiyim do`konining nomini o`zbek tiliga tarjima qilsak, "Dahshat" degan ma'noni anglatadi. Pochta ko`chasidagi "Zolushka" to`y liboslari salonining nomini ruschadan tarjima qilsak, "Baxtsiz, shakkok qiz" degan ma'noni beradi. Nahot, baxtli kunimizda kiyiladigan liboslar sotiladigan joyga shunaqa nom berishsa? Shuningdek, Bo`stonsaroy ko`chasidagi "Salvatin" erkaklar kiyim do`konining ma'nosi "Qutqarish, saqlash" bo`lsa, "Persona" ayollar kiyimi do`koniniki esa "Shaxsiy, shaxs" ma'nolarini anglatadi.
Samarqand sayyohlik markaziga aylanayotgan bir paytda xorijlik sayyohlar bu kabi nomdagi do`konlarimizni ko`rib hayratlanmay qolmaydi. Nahot o`z tilimizda millatimizni, tariximizni anglatuvchi, odamlarga kayfiyat ulashuvchi mazmundagi nomlar bo`lmasa? Axir, tilga e'tiborsizlik, millatimizga bo`lgan e'tiborsizlik emasmi?
Dilafro`z HALIMOVA,
SamDCHTI talabasi.