Shavkat Mirziyoyev: Har bir rahbar haftaning bir kunini sun’iy intellekt rivojiga bag‘ishlashi shart

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

2030 yilda sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan edi. Lekin xorijiy ekspertlar O‘zbekistonning salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda. 

Buning uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi yanada ko‘p ishlashi, vazirlar, hokimlar, tarmoq rahbarlari esa haftada bir kunini shu sohani rivojlantirishga ajratishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. 

–Hamma vazirlar, hokimlar chet elga borganida sun’iy intellekt iqtisodiyot tarmoqlari rivojiga qanday hissa qo‘shayotgani, aholiga, biznesga nima yengillik berayotganini ko‘ryapti. Bizda ham shuni qilsa bo‘ladimi? Albatta, bo‘ladi, – dedi Prezident. 

Masalan, tarmoqlardagi ko‘plab korxonalar biznes jarayonlarini raqamlashtirib, xarajatlarini 10 foizgacha kamaytirayotgani qayd etildi. Sun’iy intellekt ham joriy etilsa, samaradorlik yanada oshishi ta’kidlandi. 

Adliya, soliq idoralari sun’iy intellekt yordamida 24/7 rejimida onlayn maslahat tizimini ishga tushirdi. Bojxona qo‘mitasi sun’iy intellekt orqali xavfni boshqarish tizimini yo‘lga qo‘ydi. Geologiyada ham sun’iy intellekt yordamida videotahlil tizimini yo‘lga qo‘yib, rudadan olinadigan metall hajmini 1-2 foizga oshirish bo‘yicha loyiha tayyorlanmoqda. Bu birgina mis qazib olishning o‘zidan yiliga 20 million dollar qo‘shimcha daromad keltiradi.