Sohaga oid terminlar imlosi qanday bo‘lishi kerak?
(Veterinariya terminlari misolida)
O‘zbek tili leksikasi muntazam ravishda ichki va tashqi manbalar hisobiga boyib bormoqda. XIX-XX asrlarda jamiyat hayotida bo‘lgan o‘zgarishlar so‘zlarning o‘zlashish va iste’moldan chiqish jarayonini tezlashtirdi. Bu davrda nafaqat ruscha, balki inglizcha, xitoycha, fransuzcha, ispancha so‘zlar rus tili orqali kirib keldi. Bu holat bizga bu so‘zlarning ayrimlari imlosi masalasida qiyinchilik tug‘diradi. Shunday muammolarni veterinariya terminlari imlosida ham kuzatishimiz mumkin. Masalan, veterinariya terminining o‘zini ko‘pchilik to‘g‘ri yozishni bilmaydi. Ayrimlar veterinariya so‘zidagi birinchi bo‘g‘indagi “e” tovushini “i” tarzida talaffuz qiladi va yozuvda ham shunday xatolikka yo‘l qo‘yadi. Regeneratsiya, gepiremiya, gepremiya, plevrit, flebit kabi terminlarda ham talaffuz va imloda shu holat yuz beradi. Ya’ni, birinchi bo‘g‘indagi “e” tovushi “i” tarzida talaffuz qilinadi. Mana shunday muammolar shu sohaga o‘zlashgan bir qancha so‘zlarda uchraydi. Quyida ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Venoz, staz, tromboz, ximostazlar salmonellezlar, pasterelez, tuberkulez, brutsellez, lentoyeniroz, kolibakterioz, fassiolez, nefroz, ximostoz, kaprostoz kabi terminlarning oxirgi “z” tovushi talaffuzimizda “s” kabi aytiladi, biroq yozuvda “z” harfi bilan yoziladi. Miokardit, miokardoz, nikrobakterioz, vibrioz, oriyentobilxarsioz, piyemiya kabi veterinariya terminlarida ikki unli o‘rtasiga talaffuzda bir “y” tovushi qo‘shib aytiladi. Lekin imlo qoidasida aytilganidek, “y” undoshi qo‘shib aytilsa ham, yozuvda yozilmaydi. Ekzema, absess kabi terminlarning ikkinchi bo‘g‘inidagi “e” tovushi “i” tarzida talaffuz etiladi, ammo yozuvda “e” harfi yoziladi. Bundan tashqari, veterinariya sohasida ayrim qo‘sh undoshli so‘zlar imlosiga alohida e’tibor qaratishimiz zarur. Tarkibida yonma-yon bir xil undoshlar kelgan so‘zlar qo‘sh undoshli so‘zlardir. Misol qilib olganda, salmonellezlar, agglutinatsiya, allergiya, affekt, immunitet, stress, depressiya kabi terminlarda qo‘sh undoshlarning biri talaffuzda eshitilmaydi, ammo yozuvda yoziladi. Mikroskop, normativ hujjat, komponent, fenotip, ximostazlar, ximioterapiya, mikroorganizmlar, rinotraxeit, gaymorit, miokardit, miokardoz, endokardit, bronxit, stomatit, osteodistrofiya, gastroyenterit kabi terminlarda “o” tovushi “a” tarzida aytiladi, ammo “o” yoziladi. Epizootik so‘zidagi qo‘sh unlidan biri talaffuzda aytilmaydi, biroq yozuvda saqlanadi.
O‘zbekcha so‘zlar va so‘z birikmalari orqali ifodalangan veterinariya atamalarida bunday imlo bilan bog‘liq masalalar yuz bermaydi. Chunki bu terminlar kundalik hayotda faol qo‘llaniladigan, umumxalq ishlatadigan so‘zlardan olingan. Masalan, ochiq shikastlanishlar, kuyish va sovuq olishi, kuyish va sovuq urish, suyaklarning sinishi, bo‘g‘imning chiqishi, bo‘g‘imning cho‘zilishi, bo‘g‘imlarning yiringli yallig‘lanishi, poylarning yallig‘lanishi, shilliq xaltachalarning yallig‘lanishi, falajlar, maraz, oqma, tuyoq bo‘g‘imining yiringli yallig‘lanishi, qoramollarning xosmol (panarasiya) kasalligi, qo‘ylarda tuyoq chirish kasalligi, qo‘ylarda tuyoq orasi bezlarining yiringli yallig‘lanishi, qoramol va qo‘y tuyoqlarining deformapiyasi, cho‘chqa o‘lati, cho‘chqa tuyoqlarining yorilishi, dabba (girija) lar, kindik dabbasi, kuydirgi, yomon sifatli shish, qotma, oqsil, chechak, qorason, manqa va hokazo.
Adabiy nutq me’yorlariga rioya qilmaslik nutqimiz madaniyatida jiddiy nuqsonlardan biri bo‘lib qolmoqda. Tilshunoslarimiz zahmatlari tufayli o‘zbek tilidagi birliklarining deyarlik barchasidagi me’yoriy ko‘rinishlar ommaga turli qo‘llanmalar, lug‘atlar shaklida tavsiya etildi. Yangi imlo qoidalariga o‘tishimiz munosabati bilan bu yumushlar davom ettirilmoqda. Nafaqat filolog olimlar, balki maorifimiz jonkuyarlari, o‘z ona tiliga chuqur hurmat bilan qaraydigan barcha ziyolilarimiz bu me’yorlarning buzilishiga e’tiroz, tuzatish va tavsiyalar tarzida chiqishlar qilib turishibdi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, talaffuz me’yorlarini buzish, til madaniyatiga e’tiborsizlik hamon davom etmoqda.
Jumladan, veterinariya terminlari talaffuzi va imlosida ham yetarlicha muammolar mavjudligini ko‘ramiz. Terminlarning talaffuzi va imlosiga e’tibor qaratish zaruriyati va bu terminlarning to‘g‘ri yozilgan holatda ommalashuviga zamin yaratish kerakligi tilshunoslarimiz, terminologlarimiz oldidagi vazifalardan biri sanaladi.
Zuhra QARSHIBOYEVA,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti o‘qituvchisi.