Soliqchi korxonaga soliq undirish uchun emas, tadbirkorga ko‘maklashish uchun keldi

Kattaqo‘rg‘on shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida amaliy yordam berish maqsadida tadbirkorlarning korxonasiga borgan holda faoliyatlari bilan yaqindan tanishmoqda.

“Turon polipropilen gold” mas’uliyati cheklangan jamiyati Xalq banki Kattaqo‘rg‘on filialidan ajratilgan 200 ming AQSh dollarilik kreditga Xitoydan polipropilen qop ishlab chiqarish uskunalarini xarid qildi. Kattaqo‘rg‘on shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari ushbu korxonaga tashrif buyurib, tadbirkorlik sub’yektining faoliyati bilan atroflicha tanishib, zarur maslahat va tavsiyalarni berdi.

– Kattaqo‘rg‘on shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari korxonamizga tashrif buyurib, zarur maslahatlar bilan o‘rtoqlashdi, – deydi korxona rahbari Farhod Bahriyev. – Jumladan, xorijdan olib kelingan asbob-uskunalar uchun bojxonada to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarish, elektron hisobvaraq-fakturalarni yuritish, xodimlarni rasmiylashtirish bo‘yicha tushuncha va tavsiyalar berdi. Ixtiyorimizga qaytadigan mablag‘ni xomashyo xarid qilish va ishlab chiqarish hajmini oshirishga yo‘naltirmoqchimiz. Shuningdek, 30 kishini ish bilan ta’minlashni ham rejalashtirganmiz.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.