Sudyalar oliy maktabi: Tizimni yuksak bilim va ko‘nikma, katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan sog‘lom fikrlovchi kadrlar bilan to‘ldirish mezoni

Xalqimizning sudga bo‘lgan ishonchini ortishi uchun sud ishlari ko‘rilishida yuksak mukammallik, qonun ustuvorligi, sohani yuksak bilim va ko‘nikmaga hamda katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan sog‘lom fikrlovchi kadrlar bilan to‘ldirish lozim.

Shu ma’noda, Respublika Prezidentining 2019 yil 6 yanvardagi “Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabi tashkil etilgan.

Bugungi kunda Sudyalar oliy maktabi o‘qigan yuzlab bitiruvchilar sudyalik lavozimlarida ishlab kelmoqda. Aynan sud tizimida uzoq yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan sud xodimlarining Sudyalar oliy maktabida tahsil olishlari ularning amaliy bilim va tajribalari nazariy bilimlar bilan mustahkamlab, adolat ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini ta’minlaydigan, halol va pok sudyalar bo‘lib yetishishlarini kafolatlaydi.

Sud tizimida xotin-qizlarning faol ishtirok etishi gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shundan kelib chiqib, joriy yilda sud ixtisosligi bo‘yicha ajratilgan kvotalar soni oshirildi. Sudyalar oliy maktabi sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursiga jami 96 nafar, shundan 30 nafar jinoyat, 30 nafar fuqarolik, 20 nafar iqtisodiy, 16 nafar ma’muriy sud ixtisosligi bo‘yicha qabul qilinishi rejalashtirilgan. 2022-2023 o‘quv yilida jami 65 ta kvota ajratilgan edi.

Kirish sinovlarida nomzodlar ixtisoslik fani va ingliz tilidan test, huquqiy mavzuda insho hamda og‘zaki suhbat shaklida imtihon topshiradilar hamda jami yig‘ilgan ballar eng yuqorisidan boshlab qabul qilinadi.

Qabul jarayonlari va test sinovlarining soddalashtirilganligi, imtihonlar shaffof va adolatli o‘tkazilishi, kvotalar soni oshirilib, qamrov hajmi kengayishi professional sudyalar korpusini shakllantirish, tizimni malakali, halol va pok kadrlar bilan to‘ldirish, kadrlar salohiyatini oshirish, sud-huquq islohotlarini izchil amalga oshirilishi va inson huquqlarining mustahkam kafolatlanishi uchun xizmat qiladi.

Adham ABDIYeV,
Samarqand viloyat sudining sudya katta yordamchisi.