“Topilmalar stoli” taqdiri, xorijga chiqish pasporti olish va haydovchilik guvohnomasini almashtirish: DXMdagi xizmatlar haqda ma’lumot berildi

Samarqand shahar davlat xizmatlari markazida 2021 yil noyabr oyidan buyon 10 mingdan ortiq fuqarolarga haydovchilik guvohnomalari yangi namunadagisiga almashtirib berilgan. Markazda shu va boshqa masalalar yuzasidan jurnalistlarga ma’lumot berildi.
Husan Turobov, markaz bosh mutaxassisi:
- Haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish uchun fuqarolik pasportining asl nusxasi, haydovchilik guvohnomasi va talonning asl nusxasi kerak bo‘ladi. Haydovchilik guvohnomalarini almashtirish muddati 2023 yilning oxirigacha deb belgilangan. Hozirda guvohnomani almashtirishda yillar kesimida hech qanday cheklov yo‘q. Fuqarolar o‘z xohishi bilan almashtirib olishlari mumkin. Ammo bu beparvo bo‘lib, kelasi yilning oxirigacha kutib o‘tirish kerak, degani emas.
Eski haydovchilik guvohnomalarining 2010 yilgacha berilganlari – 2023 yil 31 martgacha, 2010-2012 yillarda berilganlari - 30 iyungacha, 2013-2015 yillarda berilganlari – 30 sentyabrgacha, 2015 yildan keyin berilganlari – 2023 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan muddatlarda yangisiga majburiy almashtiriladi.
Shuningdek, davlat xizmatlari markazida fuqarolarga ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasporti berilyapti.
Markaz bosh mutaxassisi Hazratjon Meliqulovga ko‘ra, bir kunda markazda o‘rtacha 30-40 nafar fuqarolardan murojaatlar bo‘ladi. Shu kungacha 3 minga yaqin ariza tushgan bo‘lsa, 2700 nafariga pasport berilgan. Yangi pasport 10 ish kunida tayyor bo‘ladi.
Ichki ishlar vazirligi tizimidagi “Topilmalar stoli” faoliyati tugatilib, 2022 yil 1 martdan tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan yo‘qolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish yoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatila boshladi. Bunda yo‘qolgan ashyolarni topish bo‘yicha jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslarning vakillari markazga shaxsan kelib yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi.
Topib olingan ashyolar markazda 6 oy davomida saqlanadi.
Agar bu vaqt ichida topilmani olishga haqli bo‘lgan shaxs aniqlanmasa, ashyoni topib olgan shaxsga uning ashyoga nisbatan mulk huquqi vujudga kelganligi to‘g‘risida xabar beriladi. Ashyoni topib olgan shaxs uni qabul qilib olishni rad etgan taqdirda, ashyo davlat mulkiga o‘tadi hamda 3 ish kunida “E-auksion” savdo maydonchasida elektron auksionga qo‘yiladi.
Shuningdek, 2021 yilning 1 oktyabridan mazkur binoda yuridik xizmat ko‘rsatish markazi ham faoliyat boshlagan.
– Markaz tomonidan tuman va shaharlar miqyosida turli tashkilotlarda hujjatlar yuritilishi tizimlashtirilyapti, - deydi Samarqand shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazi rahbari Sanjar Cho‘liyev. - Hozirda tuman moliya bo‘limi, xalq talimi,tibbiyot bilashmalari, maktabgacha talim kabi 12 ta quyi bo‘g‘inlardagi tashkilotlarga yuridik xizmatlar ko‘rsatilyapti. Bundan asosan hujjatlarini tartibga solish, qonun hujjatlari buzilishini oldini olish maqsad qilingan. Tizimda hujjatlar elektron harakatlanadi va uch ish kunida ko‘rib chiqiladi.