Tovlamachikda jabrlanuvchining erki sindiriladi, firibgarlikda esa erk yanglishtiriladi
Firibgarlik o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan haq to‘lamay egallashda ifodalanib, buning ta’sirida mulkdor, mulkning boshqa egasi yoki vakolatli organ mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga beradi yoki ushbu mulk yoki unga bo‘lgan huquq boshqa shaxs tomonidan olib qo‘yilishiga imkoniyat yaratadi.
Jinoyat kodeksi 168-moddasi dispozitsiyasiga muvofiq firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan, bilib turib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yolg‘on ma’lumotlar xabar qilinishi yoki ish holati bo‘yicha mulkdor, mulkning boshqa egasiga ma’lum qilinishi lozim bo‘lgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud bunday shaxslarni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar tushuniladi.
Firibgarlikda yolg‘on ma’lumotlarga jabrlanuvchini yanglishtirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday holatlar, jumladan, yuridik fakt va voqealar, mulkning sifati, narxi, aybdorning shaxsi, uning vakolati, niyati (masalan, aybdor shaxs o‘zini mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida ko‘rsatishi) taalluqli bo‘lishi mumkin.
Firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki to‘lov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni o‘ynash chog‘ida aldov usullarini qo‘llash kabilar kiradi.
Firibgarlikda ishonchni suiiste’mol qilish deganda, aybdorning mulkdor, mulkning boshqa egasi yoki mulkni uchinchi shaxslarga berib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilishga vakolatli boshqa shaxslar bilan ishonchli munosabatlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanishi tushunilishi lozim. Ishonchga turli holatlar, masalan, aybdor shaxsning xizmat mavqei yoki uning jabrlanuvchi bilan shaxsiy yoki qarindosh-urug‘lik munosabatlari sabab bo‘lishi mumkin.
Firibgarlik natijasida olingan, shuningdek, ish bo‘yicha ashyoviy dalil, deb e’tirof etilgan jabrlanuvchiga tegishli pul va boshqa qimmatliklar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 211-moddasi to‘rtinchi bandiga ko‘ra, o‘z egasiga qaytarib berilishi lozim. Pul va boshqa qimmatliklar ular egasining tashabbusi bilan, bilib turib, pora predmeti sifatida berilgan hollar bundan mustasno. Pul va boshqa qimmatliklar topilmagan hollarda ularning summasi yoki pul birligidagi qiymati sud tomonidan jabrlanuvchi foydasiga undiriladi.
Firibgarlikni iqtisodiyot sohasidagi qator jinoyatlardan, shu jumladan, o‘zganing mulkini talon-toroj qilishning boshqa shakllaridan farqlash kerak.
Firibgarlikning o‘g‘rilikdan farqi shundaki, firibgarlikda aybdor mulkni o‘zganing egaligidan olib qo‘ymaydi, balki u tomonidan yanglishtirilgan jabrlanuvchining o‘zi mulkni yoki mulkka bo‘lgan huquqni berishiga erishadi.
Tovlamachilikdan firibgarlik shu bilan farqlanadiki, tovlamachikda jabrlanuvchining erki sindirilgan bo‘ladi va u qo‘rquv ta’siri ostida harakat qiladi. Firibgarlikda esa aldov natijasida jabrlanuvchining erki yanglishadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasining birinchi qismida firibgarlik holati, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ikkinchi qismida firibgarlik holati ancha miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.
Uchinchi qismida firibgarlik holati ko‘p miqdorda, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 300 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
To‘rtinchi qismida firibgarlik holati juda ko‘p miqdorda, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan va uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sherzod TURSUNOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Bulung‘ur tumani sudi devonxonasi mudiri.