Toyloq o‘zini go‘sht va sut bilan ta’minlay oladi. Buning siri nimada?

Toyloq tumani bugungi kunda o‘z aholisining go‘sht va sutga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirib, respublikamizning boshqa mintaqalariga ham ushbu mahsulotlarni yetkazib berayotgan hududlardan biri hisoblanadi.
Ayni paytda tumanda qoramolchilik yo‘nalishida 5568 bosh qoramol parvarishlanayotgan 16 ta, parrandachilik yo‘nalishida 1 million 704 ming bosh tovuq boqilayotgan 3 ta, baliqchilik yo‘nalishida 8 ta, asalarichilik yo‘nalishida 1 ta yirik sub’yekt faoliyat yuritib kelmoqda.
– Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tgan yil chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 48 milliard 411 million so‘mlik 7 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lsa, bu yil 51 milliard 280 million so‘mlik 6 ta loyiha amalga oshiriladi, – deydi Toyloq tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Haydarov. – Jumladan, qoramolchilik yo‘nalishida 920 bosh qoramol bo‘lgan 3 ta loyiha, parrandachilikda parranda bosh soni 396 ming bosh bo‘lgan 2 ta loyiha va asalarichilik yo‘nalishida umumiy qiymati 500 million so‘mlik 1 ta loyiha ishga tushiriladi. Bu ishlar natijasida barcha toifadagi xo‘jaliklarda qoramollar bosh soni 120 mingga yetkaziladi.
Hokim o‘rinbosarining qayd etishicha, 2016 yilda hudud aholisining go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan talabi ichki imkoniyatlar hisobiga 60-70 foizga qonidirilgan. Endilikda esa bu turdagi mahsulotlar, hatto bir necha barobar ko‘p ishlab chiqarilmoqda.
Xususan, o‘tgan yil tuman aholisining chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish uchun 9 ming tonna go‘sht, 69 ming tonna sut va 46 million dona tuxum talab etilgani holda amalda 25 ming tonna go‘sht, 91 ming tonna sut hamda 68,5 million dona tuxum ishlab chiqarilgan. Joriy yilda bu raqamlar yana ham oshishi kutilmoqda. Birgina parrandachilik yo‘nalishida tadbirkorlik sub’yektlarining davlat tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi, subsidiyalar ajratilishi va boshqa imtiyozlar berilishi tufayli bu yil barcha toifadagi xo‘jaliklarda parranda bosh sonini 2,75 million boshga, tuxum ishlab chiqarishni 74 million donaga va parranda go‘shtini 69,7 tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, baliqchilik bo‘yicha 3 gektar ekstensiv sun’iy suv havzalarini intensivlashtirish hisobiga baliq yetishtirish 4-5 barobarga oshiriladi.
Tumanda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi va bozorda narx barqarorligini ta’minlashda “Siyob Shavkat Orzu”, “Akmal Toshpo‘latovich”, “Mashhura Sobira Gold”, “Toyloq" fermer xo‘jaliklarining hissasi katta bo‘lmoqda.
Bugungi kunda nafaqat ushbu tuman, balki respublikamizdagi yirik ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklaridan biriga aylangan “Siyob Shavkat Orzu” fermer xo‘jaligida 3400 bosh qoramol, 1,7 million bosh parranda parvarishlanib, yiliga 25 ming tonna go‘sht, 10 ming tonna sut va 25,5 million dona tuxum ishlab chiqarilmoqda. Korxona sut mahsulotlari, parranda go‘shti va tuxumni ichki bozordan tashqari Tojikiston va Afg‘onistonga ham eksport qilmoqda.
Bunday yirik xo‘jalik qatoriga endilikda qoramol bosh soni 1000 boshdan oshgan “Akmal Toshpo‘latovich” fermer xo‘jaligi ham qo‘shilmoqda.
– 2006 yilda Samarqand qishloq xo‘jalik institutini bitirib, fermer xo‘jaligi tashkil etib ish boshlaganman, – deydi “Akmal Toshpo‘latovich” fermer xo‘jaligi rahbari Dilshod Muhammadiyev. – Dastlab g‘alla va sabzavotchilik bilan shug‘ullangan bo‘lsak, 2015 yilda Polshadan 4 bosh naslli qoramol olib kelib, chorvachilikni ham yo‘lga qo‘ydik. Chorva – baraka manbai, deb bekor aytishmagan ekan. Ishimiz yurishib, xorijdan yana 33 bosh qoramol keltirdim. Davlatimizning sohani rivojlantirish uchun bergan imtiyoz va imkoniyatlaridan foydalanib, chet davlatlarga borib, naslli qoramol boqish va ko‘paytirishni o‘rgandim. 2018 yilga kelib, chorva soni 500 boshga yetgach, xo‘jaligimiz qoshida sutni qayta ishlash sexi ochdik, hozir 2,5-3 tonna sutni qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida bozorga chiqaryapmiz. 2024 yilda go‘sht yo‘nalishida chorva boqishni yo‘lga qo‘ygach, omuxta yem ishlab chiqarishni boshladik. Hozir xorijdan keltirilgan 600 bosh buqa parvarishlayapmiz. Qisqa vaqt ichida 135 tonna go‘sht ishlab chiqarishga erishdik va bu yil bu ko‘rsatkichimiz ancha yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, 1 gektar suv havzasida baliqchilik bilan ham shug‘ullanyapmiz. Ko‘p tarmoqli bo‘lgandan keyin hamma sohada ishlashimiz kerak-da. Xudoga shukr, daromadimiz mehnatimizga yarasha – yiliga 30-40 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqaryapmiz. Xo‘jaligimizda 130 kishi doimiy, 50 kishi mavsumiy ish bilan band.
Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi keyingi yillarda autsorsing tizimini yo‘lga qo‘yib, maktabgacha ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarga sabzavot va poliz, go‘sht va sut mahsulotlari yetkazib bermoqda.
Viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda viloyatning Toyloq, Bulung‘ur, Jomboy va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida hudud aholisi ehtiyojidan ortiq go‘sht, tuxum va sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Viloyat bo‘yicha esa aholining chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish uchun 180 ming tonna go‘sht, 1,3 million tonna sut va 875 million 400 ming dona tuxum ishlab chiqarishni rejalashtirib, amalda 206 ming tonna go‘sht, 1,4 million tonna sut hamda 1,3 milliard dona tuxum tayyorlangan. Tuxum va parranda go‘shti ichki bozor ehtiyojidan ortib, xorijga ham eksport qilinmoqda.
– Hozirgi vaqtda viloyatimizdagi barcha toifalardagi xo‘jaliklarda 1,7 million bosh, jumladan, 742 ta fermer xo‘jaliklarida 102 ming bosh chorva mollari parvarishlanmoqda, – deydi viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Odilxon Baqoyev. – O‘tgan yil chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 600 milliard 674 million so‘mlik 82 ta loyiha amalga oshirilib, ular bo‘yicha xorijdan 8 ming bosh naslli, 20 ming bosh go‘sht yo‘nalishida chorva mollari olib kelindi. Umuman, 2024 yilda viloyatga xorijdan 2 ming 742 bosh qoramol hamda 10 ming bosh mayda shoxli hayvonlar, jumladan, 3 ming 680 bosh naslli qo‘y keltirilgan.
Joriy yilda viloyatda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 400 milliard 897 million so‘mlik 85 ta loyihani ishga tushirish va 730 ta yangi ish o‘rni ochish rejalashtirilgan. Xususan, qoramolchilik yo‘nalishida mol bosh soni 4 ming 822 ta bo‘lgan 37 ta, qo‘y va echkichilik yo‘nalishida qo‘y bosh soni 7 ming 300 ta bo‘lgan 7 ta loyiha, parrandachilik yo‘nalishida 1 million 628 ming bosh parranda bo‘lgan 19 ta loyiha amalga oshiriladi. Shuningdek, baliqchilik yo‘nalishida 15 ta, quyonchilikda bitta loyiha ko‘zda tutilgan. Bu loyihalar hamda aholi shaxsiy xo‘jaliklaridagi chorvani ko‘paytirish hisobiga qoramollar bosh soni 1 million 805 mingtaga, qo‘y-echkilar soni 2 million 724 ming boshga, parranda esa 16 million 200 ming boshga yetkaziladi.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat).