Ulug‘bek madrasasidagi koshin mantiqiy fikr, ilmiy aniqlik ramzi

Mirzo Ulug‘bek madrasasining o‘ng tomonidagi darsxonaga kirish peshtoqida bitilgan ko‘k rangli to‘rtburchak koshinni ziyoratchilar bezak sifatida talqin qilishadi. Ammo uning aynan darsxona eshigi ustida joylashganini oddiy ornament emas, balki vazifasi nuqtai nazaridan me’moriy belgi sifatida ko‘rishimiz kerak. Chunki bu belgi madrasa ichidagi umumiy harakat hududi emas, balki bevosita bilim berish jarayoni amalga oshadigan makon sifatida qaralishi maqsadga muvofiq. Zero, o‘tmishda talabalar aynan shu eshikdan, muhokama, hisob-kitob, kuzatuv, ilmiy tahlil muhitiga kirishgan. O‘z davrida ushbu ko‘k koshin “fazoviy chegaralovchi belgi” sifatida ko‘rilgan.

Bu o‘rinda to‘rtburchak shaklining tanlanishi tasodifiy emas. Madrasa hovlisi, hujralar va darsxonalar qat’iy rejalashtirilgan geometrik tizim asosida qurilgan. Eshik ustidagi to‘rtburchak panel esa tartibli fikrlash, mantiqiy tizimlilik, ilmiy aniqlik ramzi sifatida darsxona ichidagi intellektual muhitni oldindan vizual tarzda belgilab beradi. Ya’ni, bu element orqali makon o‘z funsiyasidan “ogohlantiradi”. Bu maskanda erkin suhbat emas, tartibli tafakkur hukmronlik qilish kerak bo‘lgan.  Rang va ichki naqsh - ko‘k rang Markaziy Osiyo ilmiy me’morchiligida tafakkur sokinligi, diqqatning markazlashuvi, ruhiy muvozanatni bildirgan. Ichki naqshlarning uzluksiz ritmik takrorlanishi dars jarayonining davomiyligini anglatgan.

Naqsh markazdan tashqariga kengaygandek ko‘rinadi. Bu bilimning o‘qituvchidan talabaga, undan esa jamiyatga yoyilishining ramziy ifodasidir.

Madrasa peshtog‘idagi koshinga asoslanib xulosa qilish mumkinki, Ulug‘bek madrasasining o‘ng tomon darsxona kirishidagi ko‘k to‘rtburchak koshin kompozitsiyasi oddiy bezak bo‘lmasdan, o‘quv makoniga kirishdan oldin inson tafakkurini tartibga solishga xizmat qiluvchi ramziy-me’moriy elementdir.

Bunyod YALG‘ASHYEV,

Registon ansambli gid-ekskursavodi.