Urinishlar samara berdi, qarzdor Rossiyadan qaytib oilasini tikladi

Majburiy ijro byurosining Jomboy tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining ijro varakasiga asosan qarzdor P.S.dan undiruvchi M.R. foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun to‘rtdan bir qismi mikdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.

Qarzdor alimentdan bo‘lgan qarzdorlikni to‘lashdan bo‘yin tovlab, Rossiya federatsiyasida yashirinib yurganligi sabab unga nisbatan bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan qidiruv e’lon kilingan.

Ko‘p vaqt davomida aliment to‘lamagan fuqaroning qarzi 16 mln. so‘mdan oshib ketgan. Shu bois, unga nisbatan qidiruv harakatlari olib borish jarayonida qarzdorning Rossiyadagi telefon raqami topilgan va u bilan aloqa o‘rnatilgan.

Qarzni to‘lanmasi xalqaro qidiruvga berilishini anglagan qarzdor O‘zbekistonga qaytgan va uni Aeroportda qidiruv bo‘lim xodimlari kutib olgan.

Olib borilgan suhbatlar va tushuntirishlar natijasida taraflar o‘zaro yarashib, oilasini qayta tiklagan. Bir nafar voyaga yetmagan farzand ota-onasini bag‘rida shodon yashash baxtiga muyassar bo‘ldi, deya xabar beradi Byuroning Samarqand viloyat boshqarmasi

TAHRIRIYaT: Aliment nafaqat qonun talabi, shu bilan birga farzandning haqi. Bu qarzdan qochish na huquiy me’yorlarga va na odamiylikka mos emas. Shu sababdan saytimizda bu mavzudagi holatlar bundan keyin ham muntazam yoritilib boriladi.