Xalq deputatlari viloyat Kengashining 67-sessiyasi 8 iyul kuni o‘tkaziladi
Bu haqda viloyat hokimi E.Turdimov bugun, 2022 yil 1 iyul kuni “Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oltinchi chaqiriq, oltmish yettinchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida”gi Qarorida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oltmish yettinchi sessiyasi 2022 yil 8 iyul kuni soat 9:00 da chaqiriladi.
Sessiya kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilgan:
- viloyat hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i O.Mirzabekovning viloyatda investitsiyalar jalb qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi hisoboti;
- viloyatdagi moddiy-madaniy meros ob’yektlari va madaniy boyliklarni aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, asrash va ulardan oqilona foydalanish, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining but saqlanishi holati yuzasidan viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i B.Shaymatovning hisoboti;
- viloyatda “Ayollar daftari”dagi ayollarning bandligini ta’minlash borasida qilingan ishlar to‘g‘risida viloyat bandlik bosh boshqarmasi N.Sulaymanovning hisoboti;
- “Samarqand suv ta’minoti” MChJ rahbari K.Yusupovning viloyatda aholini ichimlik va oqova suv bilan ta’minlash darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar to‘g‘risidagi hisoboti;
- viloyatning shahar va tumanlarida 2023 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturiga kiritiladigan qishloq hamda mahallalar manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash to‘g‘risida;
- viloyatda 2023 yilda qurilish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari olib boriladigan ob’yektlarning maqsadli parametrlarini tasdiqlash to‘g‘risida;
- viloyatda sement-beton qoplamali yo‘llarni klaster usulida qurish ishlarini amalga oshiruvchi pudratchi va loyiha tashkilotlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida.