Xo‘ja Abdurahmon Valiy haqida eshitganmisiz?

Har qanday jamiyatda, har qanday davrda ham olimu ulamolar, mutafakkiru donishmandlarning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Diyorimizdan yetishib chiqqan mana shunday avliyolardan biri Xo‘ja Abdurahmon Valiy hazratlaridir.

U zot Jizzax viloyati Forish tumani Garasha qishlog‘ida Shayx Muhammad Sharif avlodidan Imomi Amir bobo Hamid xonadonida dunyoga kelgan. Shajaralari ma’lum bo‘lsa-da, ammo tug‘ilgan yili va vafoti to‘g‘risida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Taxminan XV asrda yashagan. Aytishlaricha, Amir bobo Hamid o‘g‘li Abdurahmonni Samarqandga madrasaga o‘qishga olib kelgan. Zehni o‘tkir, xotirasi mustahkam Abdurahmon tez fursatda ustozlar e’tiboriga tushadi. Madrasani tamomlab, Garashaga qaytib boradi. Qishloq ahliga ilm o‘rgatadi, shogirdlar tayyorlaydi.

Keyinchalik ilmini yanada mukammallashtirib, ilmu toliblarga saboq beradi va Yassaviy ta’limotini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Bu davrda Samarqandning Motrid qo‘rg‘onida yashab, faoliyat yuritgan. Mahalliy xalq hikoyati talqiniga ko‘ra, ul zot yashagan davr Xoja Ahror Valiy bobomiz yashagan paytga to‘g‘ri kelgan, u kishi bilan hamfikr bo‘lganlar.

Xoja Ahror Valiy xoja Abdurahmon Valiyning hurmatini joyiga qo‘yib, unga Samarqandning eng so‘lim maskanlaridan bo‘lgan hozirgi aeroport yo‘lidagi Motrid qo‘rg‘onida yetti tanob yer tortiq qilgan. U yerda Abdurahmon Valiyning masjidi, ilmu toliblari va shogirdlari bo‘lgan. Shu yerda vafot etgan va qabri hozir ham saqlanib qolingan. Bu joy ayni damda Xo‘jaqishloq deb nomlanadi va garashaliklar qadamjoni ziyorat qilib turadilar.

– Bobomizning ibratli ishlarining davomchisi sifatida el o‘rtasida hurmat-e’tibor qozongan Ilyosxon qori Shoqosimov maqbara qurishga ruxsat berilmagani uchun 1987 yilda qabr atrofiga g‘isht terdirib, o‘rab qo‘ygan edi, – deydi asli garashalik, ayni paytda Samarqand shahrida yashovchi mehnat faxriysi, ushbu ezgu ish boshida turgan insonlardan biri O‘ktam Qarshiyev. – Bugun aziz avliyolarimiz nomini ulug‘lashga bo‘lgan e’tibor va imkoniyatlar tufayli 2021-2022 yillarda xoja Abdurahmon Valiy qabri ustida maqbara bunyod etilib, atrofi obodonlashtirildi. Ushbu xayrli va ezgu ishlarga Garasha ahli va Samarqandda yashovchi garashaliklar, jumladan, Usmon Oripov, Xudoyor Xolxo‘jayev, Ergash Sulaymonov, Toshnazar Jonibekov, Hamza Nurullayev, Bahodir Qurbonov, Eson Lutfullayev, Abduhalim Ilyosov (barchalarini Alloh rahmat qilsin!), Asad Omonov, Husan Olimov, Qarshi Qurbonov, Rajab Lutfullayev, Hamro Ismoilov, Garashada yashovchi Haydar Abduqodirov va Abdusalimxon Shoqosimov katta hissa qo‘shdi. Maqbara qurilishida samarqandlik mohir arxitektorlar Egamberdi Nurullayev, Mamatqul Xoliqulov, Bahrillo hoji, Orzumurod Valiyevlar o‘zlarining bilim, boy tajriba va mahoratlarini namoyish etdilar.

Bugungi davlat siyosati talabidan kelib chiqib, bu ezgu ishlarimiz Samarqand shahrining Motrid qo‘rg‘oni Xo‘jaqishloq mahallasining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishiga, turizm sohasi rivojiga munosib hissa bo‘ladi, degan umiddamiz.

– Mustaqillik bizga agar millat o‘zining kelajagini yorug‘ holda ko‘rmoqchi bo‘lsa, uning xotirasi hamisha uyg‘oq bo‘lishi shartligini, “Islom dini – bu ota-bobolarimiz dini, u biz uchun ham iymon, ham axloq, ham diyonat, ham ma’rifat ekanini, “Biz kimmiz, qanday buyuk zotlarning avlodimiz?” degan savolni har birimiz o‘zimizga berib yashashimiz zarurligini yaqqol anglatadi, – deydi mehnat faxriysi Abdushukur Muhammadqulov.

Valiylarning tabarruk ruhlarini yod etish, ularga  duo yuborish orqali biz o‘z qalbimizdagi rostlik va ezgulik sari muvofiqlashtirishni ham o‘ylaymiz. Chunki azaliy insonlarning hayoti, so‘zlari va ezgu amallari bizga ibrat va saboqdir. Xoja Abdurahmon Valiy ham ana shunday yuksak maqomga sazovor bo‘lgan ulug‘ zot bo‘lganlar.

Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrli, deydilar. Moziy bu o‘tmishimiz, kechagi kunimiz. Insoniyatning qudrati o‘tmishdan xulosa qilib, o‘rganib rivojlanish, yangilik yaratib, kelajakka meros qoldirishdir.

Suyun Karimov, 

Amrillo Ahmedov,

G‘olib Hasanov.